Joriy yil futbolchilarimizni jiddiy sinovlar kutib turibdi. Gap shundaki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bu yil mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochishga juda yaqin turibdi. Aniqrog‘i, termamizni Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichidagi eng muhim uchrashuvlar kutib turibdi.
Avvalo mazkur saralash bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi o‘rin olgan “A” guruhidagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tsak. Guruhda oltinchi tur yakunlaridan so‘ng Eron 16 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinni band etgan.

Shuningdek, BAA 10, Qatar 7 ochko jamg‘arib, keyingi o‘rinlarda bormoqda. Qirg‘iziston va KXDR termalari 3 va 2 ochko to‘plagan holda guruhning quyi o‘rnidan joy olgan holda ishtirokini davom ettirayotir.
Saralash uchrashuvlarining 7-turida 20 mart kuni O‘zbekiston termasi “Bunyodkor” stadionida Qirg‘iziston termasiga qarshi o‘yin o‘tkazsa, Eron o‘z maydonida BAAni qabul qiladi. Qatar esa KXDR bilan raqobatlashadi. Bu uchrashuvlar biz uchun o‘ta muhim.

Sababi, agar poytaxtimizda o‘tadigan Qirg‘izistonga qarshi o‘yinda 3 ochko olishni umid qilsak, Eron va BAA o‘rtasidagi shiddatli uchrashuvda har ikki jamoa g‘alaba uchun o‘yin o‘tkazishi shubhasiz. Eron katta ehtimol bilan g‘olib bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Bu degani Eron bilan ochkolar farqi 3 ta bo‘lib qolaveradi. Ammo, eng yaqin ta’qibchimiz BAA termasidan 6 ochko o‘zib ketish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Qatar esa deyarli saralash bosqichi bilan xayrlashayotgan KXDRni o‘z uyida taslim qilish uchun barcha ishni qiladi. Biroq, KXDR doimo har qanday terma jamoaga qarshi yopiq o‘yin namoyish etib, ochko olishga urinadi.
Xullas, Timur Kapadze qo‘l ostidagi terma jamoamiz Qirg‘izistonga qarshi o‘yinda Eldor Shomurodov, Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullayevning yorqin o‘yinlari orqali kerakli natijaga erisha olishiga ishonamiz.

Ma’lumot o‘rnida: 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksika mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida 48 ta jamoa ishtirok etishi belgilangan.
Qit’amizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 8 ta, qit’alararo pley-off o‘yinlari orqali esa bitta o‘rin ajratilgan. Osiyo qit’asi uchun Jahon chempionatining 3-saralash bosqichida 18 jamoa har birida oltita jamoadan iborat uchta guruhga bo‘lindi va ular davra tizimida (uy-safar) bahslashadi. Har bir guruhdan eng yaxshi ikkita o‘rinni egallagan terma jamoa 2026 yilgi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi.
Osiyo saralash guruhlaridan uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan 6 ta terma jamoa yakuniy bosqichda har biri uch jamoadan iborat ikkita guruhga bo‘lingan holda davra formatida kurash olib boradi.
Osiyo pley-off bosqichidan eng yaxshi ikki o‘rinni egallagan jamoalar «JCH-2026» yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Har ikki guruhdan ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar qit’alararo pley-offda OFK nomidan ishtirok etadigan jamoani aniqlash uchun o‘zaro o‘yin o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA