Futbolchilarimiz Xorvatiyani taslim etdi
Qatarda o‘tayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi nimchorak final bosqichiga yo‘l oldi.
Aniqroq aytganda, mundial doirasidagi 1/16 final bosqichida Islombek Ismoilov boshchiligidagi terma jamoamiz xorvatiyalik raqiblari bilan kuch sinashdi. O‘yinning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi. Natijada g‘olib jamoa penaltilar seriyasida aniqlanadigan bo‘ldi. Unda terma jamoamiz 4:3 hisobida zafar quchdi.


Endilikda O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 18 noyabr kuni Italiya terma jamoasiga qarshi 1/8 final doirasida maydonga tushadi. Ma’lumki, Italiya 1/16 finalda Chexiyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Shuningdek, hozirgacha o‘tkazilgan uchrashuvlarda Germaniya — Burkina-Faso va Senegal — Uganda bahslari 0:1 hisobida yakunlandi. Shu tariqa Burkina-Faso va Uganda jamoalari chorak final ostonasida o‘zaro to‘qnashadi. Qayd etish lozimki, agar futbolchilarimiz chorak finalga yo‘l olsa, aynan shu juftlik g‘olibi bilan 1/4 finalda kuch sinashadi.


Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA