Ma’lumki, FIFAning joriy yilgi taqvim rejasiga binoan 2021 yilning 9-19 dekabr kunlari Yaponiyada futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilishi belgilangan.
Kecha Yaponiya futbol assotsiatsiyasi kunchiqar yurtda COVID-19 kasalligining keng yoyilishi sababli mazkur futbol musobaqasini o‘tkazish niyatida emasligi to‘g‘risidagi axborotni tarqatdi. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining manzili noaniqligi sababli FIFA ushbu chempionatni keyingi yilga qoldirish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar bermoqda KyodoNews sayti.
Aslida, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati 24 jamoa ishtirokida Xitoyda o‘tkazilishi lozim edi. Koronavirusning Xitoydan yoyila boshlaganidan so‘ng FIFA va Yaponiya tomonining o‘zaro kelishuviga binoan jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatini 7 ta futbol klublari o‘rtasida - yangi formatda Tokioda o‘tkazilishiga kelishilgan edi.
Vaziyatning bunday ko‘rinish olishi ortidan FIFA hozirda jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha o‘z tarkibidagi oltita qit’aviy futbol konfederatsiyasi va boshqa aloqador tomonlar bilan muzokaralarga kirishgan. Millionlab futbol fanatlari orziqib kutayotgan klublar o‘rtasidagi yashil maydon bayrami qayerda tashkillashtirilishi hozircha noma’lum bo‘lib turgan bir paytda, FIFA prezidenti Infantino “mazkur chempionat joriy yil dekabr oyida o‘tkazilishi hali ham kun tartibida. Faqat biz uning qachon va qaysi davlatda o‘tishiga aniqlik kiritganimizcha yo‘q ”, deya ta’kidlashi, “boshi berk ko‘cha”ga kirib qolganga ishora etayotgandek bo‘lmoqda, go‘yo.
T. Ro‘ziyev, O‘zA