Buxoroda 2025 yilgi Superligada “Buxoro” jamoasi sharafini himoya qiladigan futbolchilarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda klub rahbariyati, “Buxoro” jamoasi murabbiylar shtabi, asosiy tarkib a’zolari hamda jamoaning bir guruh ishqibozlari ishtirok etdi.
Taqdimot marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi, Buxoro viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Botir Zaripov so‘zga chiqib, jamoa futbolchilari oldida turgan mas’uliyatli vazifa xususida fikr yuritdi.


– Mana, yangi mavsumni ham boshlab, dastlabki ochkolarni qo‘lga kiritdik. Maqsadimiz bitta – Superligada munosib ishtirok etish va yuqori o‘rinlarni egallash. Zero, 36 yillik shonli tarixga ega bo‘lgan, o‘z vaqtida Oliy ligada sovrinli o‘rinlar uchun kurashgan jamoaning tarixini tiklashimiz zarur. O‘ylaymanki, bu yil shakllantirilgan tarkib bilan jamoa muxlislar ishonchini oqlash uchun bor kuch-g‘ayrati, mahorati hamda imkoniyatlarini ishga soladi, – deydi Botir Zaripov.


Jamoa bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonidan qoniqqanligini, Tojikiston, Turkiya kabi davlatlarda uzilishlarsiz tayyorgarlik olib borilganligini qayd etdi. Yaratib berilgan sharoitlar uchun viloyat mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, murabbiy jamoaning oldiga qo‘yilgan maqsad yo‘lida samarali mehnat qilishini ta’kidladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri