O‘zbekiston professional futbol ligasi "Superliga va Pro liga reglamenti"ning 17-bobiga o‘zgartirish kiritganini e’lon qildi.
Liga klublarga qulaylik yaratish maqsadida reglamentning tegishli bobini tushunarli ko‘rinishga keltirdi. Unga ko‘ra, futbol klubi libos dizaynini ishlab chiqayotganda mazkur talablarga e’tibor qaratishi lozim bo‘ladi.
2025 yildan boshlab klublar o‘z muxlislari ko‘z o‘ngidagi uy uchrashuvida asosiy libosda maydonga tushishi talab etilmoqda.
O‘tgan mavsumda ayni masala tartibga solinmagani sababli uchrashuv komissarlari qatori muxlislar ham ayrim hollarda qiyinchiliklarga duch kelgandi.
Joriy yildan e’tiboran reglamentga binoan klub o‘z maydonida qanday libosda harakat qilish masalasini mavsum avvalida hal qilib olishi va uni o‘zgartirmasligi talab etilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu mavsumdan futbolchi o‘z litsenziyasida ko‘rsatilgan raqamli futbolkada o‘yinga qo‘yiladi.
Har bir klub mazkur masalaga professional nuqtai nazardan yondashishi, U-21 va U-19 jamoalari uchun ham asosiy tarkibniki kabi liboslar taqdim etishi nazarda tutilmoqda.
Bu, keyinchalik asosiy tarkibga jalb etiladigan futbolchida o‘z libosi hamda raqamida maydonga tushish imkoniyatini yaratishi bilan ahamiyatli.
T.Ro‘ziyev, O‘zA