Kuni kecha Olmaliq va Jizzax shaharlarida futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida Osiyo chempionlar ligasi (OCHL) saralash bahslari munosabati bilan qoldirilgan 17-turning ikki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxda “So‘g‘diyona” OCHL saralash bahsida g‘alaba qozonib, guruh bosqichiga yo‘l olgan, ayni paytda mamlakatimiz chempionligiga da’vogarlardan biri bo‘lib turgan Namanganing “Navbahor” jamoasini qabul qildi.
Garchand, “So‘g‘diyona” jamoasining 3 nafar asosiy futbolchilari – darvozabon Milan Mitrovich, hujumchi ortidagi asosiy yarim himoyachi Javohir Qahramonov hamda jizzaxliklar to‘purari Zinan Zaymovichlar diskvalifikatsiya tufayli ushbu uchrashuvda jizzaxliklarga yordam bera olmayotgan bo‘lsalarda, o‘yin, asosan yosh futbolchilardan iborat bo‘lgan maydon egalarining hujumlari bilan boshlandi va ular “Navbahor” jamoasi darvozasi oldida bir qator xavfli vaziyatlarni sodir etdi.


O‘z navbatida namanganliklar “So‘g‘diyona” hujumlarini bartaraf etib, mezbonlar darvozasiga xavf sola boshladi. Qarshi hujumlardan unumli foydalanishni yaxshi yo‘lga qo‘ygan Ivan Boshkovich shogirdlari uchrashuvning 16-daqiqasida hisobni ochdi.
“Navbahor”ni hujumidan so‘ng to‘pni egallab olgan “So‘g‘diyona” darvozaboni Shirinboy Abdullayev oldingi chiziqdagi 19 yoshli Samandarjon Mavlonqulov tomon uzatdi. Yosh iqtidor egasi namanganliklar himoyachisi Milosh Milovichning xatosidan unumli foydalanib, darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib bordi va “Navbahor” hamda milliy terma jamoasi darvozaboni O‘tkir Yusupovni dog‘da qoldirib, hisobni ochdi – 1:0.


O‘tkazib yubrilgan goldan so‘ng mehmonlar bosh murabiyi Samvel Babayan o‘yinning birinchi bo‘limidayoq Abror Ismoilov o‘rniga Toma Tabatadzeni, Shahboz Jo‘rabekov o‘rniga esa Davron Hoshimovni maydonga tushirdi. Tan olish lozim, bu o‘zgarishlar “Navbahor” o‘yinini darhol kuchaytirdi. Bahsning 35-daqiqasida “So‘g‘diyona” darvozasi tomon jarima zarbasi belgilandi va namanganliklar o‘ziga xos kombinatsiyani amalga oshirib, Temurxo‘ja Abduxoliqov mezbonlar darvozasini ishg‘ol qildi, ammo gol ofsayd tufayli bekor qilindi. 1:0 hisobi bilan jamoalar tanaffusga chiqdi.
O‘yinning 2-bo‘limini “Navbahor” futbolchilari juda faol boshladi, ammo gol urushni uddasidan chiqavermagach, Sobirjonov o‘rniga O‘runov, Abduxoliqov o‘rniga Yaxshiboyev maydonga tushirildi va 67-daqiqada Oston O‘runovning chap oyoqdagi kuchli zarbasi bilan o‘rtadagi farq tenglashdi – 1:1.

Uchrashuvning 81-daqiqasida Sanjar Shoahmedovning uzatmasidan so‘ng jizzaxliklarning makedoniyalik legioneri Lyupcho Doriyev ajoyib zarba yo‘llab, jizzaxliklarni yana hisobda oldinga olib chiqdi – 2:1.
O‘yin tugashi arafasida maydonda janjal yuzaga keldi va buning natijasida Oston O‘runov ogohlantirildi, Lyupcho Doriyev ikkinchi sariq kartochkasini olib, maydondan chetlatildi. O‘yinni boshqargan hakam Farruh Yansupov birinchi sariqni makedoniyalik futbolchi gol urganida futbolkasini yechgani uchun ko‘rsatgan edi.
Qatar davlatida o‘tgan OCHL saralash bahsi 120 daqiqaga cho‘zilgani uchun “Navbahor” futbolchilari jismoniy holatidagi charchoq alomatlari Jizzaxdagi o‘yinda yaqqol sezildi. Qolaversa qolgan daqiqalarda mezbonlar posboni Shirinboy Abdullayev ajoyib o‘yin ko‘rsatib, o‘z darvozasini munosib himoya qildi va shu sababdan ham o‘yindan keyin uchrashuvning “Eng yaxshi futbolchisi” deb tan olindi.
Shunday qilib, “So‘g‘diyona” – “Navbahor” uchrashuvidagi yakuniy natija – 2:1 hisobida jizzaxliklar foydasiga hal bo‘lib, namanganliklarni chempionlikdan yana bir qadam uzoqlashtirdi.

Olmaliqdagi OKMK va Farg‘onaning “Neftchi” klublari o‘rtasidagi bahs ham keskinligi jihatdan ushbu uchrashuvdan qolishmadi. O‘yinning 43-daqiqasida mezbonlar futbolchisi Xurshid G‘iyosov penaltini aniq ijro etib hisobni ochdi – 1:0.
Bu uchrashuvda Farg‘ona vodiysi futbolchilari joriy mavsumdagi o‘zlarining birinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oladi, deb turgan bir paytda “Neftchi” jamoasi a’zosi Muhsin Ubaydullayev, o‘yinning 89-daqiqasida himoyachilarning xatosidan unumli foydalandi va hisobni tenglashtirdi – 1:1.
Chempionlik poygasida Toshkentning “Paxtakor” jamoasi 38 ochko jamg‘arib, karvonboshi bo‘lib turibdi. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng “Navbahor” va durangdan so‘ng “Neftchi” poytaxtliklardan roppa-rosa 5 ochkoga ortda qolmoqda.
A.QAYUMOV,
YORBEKOV (surat), O‘zA