Futbol: Osiyo kubogi-2023 Indoneziyada o‘tadimi?
Osiyo futbol konfederatsiyasi 2023 yilgi Osiyo kubogini o‘tkazishga da’vogarlardan arizalarni qabul qilish muddatini 15 iyulga qadar uzaytirganligini e’lon qilganidan keyin Indoneziya futbol assotsiatsiyasi mazkur o‘yinlarni qabul qilishga qiziqish bildirdi.
Futbol bo‘yicha 2023 yilgi Osiyo kubogi bahslari aslida Xitoyda o‘tkazilishi kerak edi. Ammo, Covid-19 bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat sababli Xitoy mazkur musobaqani qabul qilishdan bosh tortganidan so‘ng, Osiyo futbol konfederatsiyasi qit’a kubogi uchun tanlov e’lon qildi.
Aytish joiz, 2007 yili Indoneziya Malayziya, Tailand va Vetnam bilan birgalikda Osiyo kubogiga mezbonlik qilgandi.
Osiyo kubogi-2023 turnirini o‘tkazishga shuningdek, Janubiy Koreya, Yaponiya, Avstraliya va Qatar ham da’vogar ekanliklarini bildirishgan.
Qit’a futbol konfederatsiyasi xabarida aytilishicha, da’vogarlar arizasi qabul qilingandan keyin belgilangan muddatda musobaqa mezboni masalasi ko‘rib chiqiladi. Ushbu o‘yinlar qaysi davlatda o‘tish masalasiga joriy yil oktyabr oyida oydinlik kiritilishi mumkin.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA