Futbol: jahon chempionati daromad keltiradimi?
Xalqaro futbol federatsiyasi sayti FIFA prezidenti Janni Infantinoning jahon chempionatini har ikki yilda bir marta o‘tkazish xususidagi fikrlarini chop etdi.
Infantinoning so‘zlariga ko‘ra, bu format birinchi sikldayoq daromad keltiradi. FIFA rahbarining qayd etishicha, ushbu masala mustaqil ekspertlar tomonidan o‘rganib chiqilgan. Turli rakurslardan ko‘rib chiqilgan vaziyatlar jahon chempionati ikki yilda bir marta o‘tkazilishiga erishish birinchi to‘rt yillik siklda qo‘shimcha 4,4 milliard dollar daromad keltiradi.
Bu mablag‘ FIFAga a’zo 211 milliy futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida taqsimlanishi nazarda tutilsa, FIFA a’zolari o‘rtasidagi iqtisodiy tafovut qisqarishiga, ko‘proq milliy terma jamoalarning jahon arenasida o‘ynashiga imkoniyat yaratadi, deb hisoblamoqda Janni Infantino.
Ammo, ushbu g‘oyaga qarshi bo‘lganlar ikki yillik chempionat ishqibozlarni futboldan bezdirishga, futbolchi va jamoalarning haddan tashqari toliqishiga, dunyo birinchiligidan tashqari o‘tadigan klublar o‘rtasidagi o‘yinlar, qit’aviy chempionatlar va boshqa katta futbol tadbirlariga bu farmat “soya tashlab” qo‘yishi mumkinligini ro‘kach qilishmoqda.
Biroq, jahon futbolida olib borilayotgan islohotlar qay yo‘sinda davom etishini vaqt ko‘rsatadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA