Bugun, 17-mart kuni Toshkent va Olmaliq shaharlaridagi futbol muxlislari hamda ushbu maskanlarga tashrif buyuradigan futbol ishqibozlari O‘zbekiston Superligasining 3-turidan o‘rin olgan so‘nggi ikki uchrashuv – «Bunyodkor» – «Navbahor» va OKMK – "Dinamo" qarama-qarshiligidagi o‘yinlarga guvoh bo‘ladi.
Olmaliqda kechadigan OKMK – «Dinamo" bahsini Ibrohim Ismoilov boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib borsa, "Bunyodkor" – "Navbahor" o‘yinini Olim To‘ychiboyev bosh hakamligidagi tarkib nazorat qilishi belgilangan.
Aytish lozim, 3-tur yakunlariga ko‘ra, turnir jadvalini 9 ochkoga ega «Neftchi» jamoasi boshqarib borayotgan bo‘lsa, keyingi pog‘onalarda 7 ochko jamg‘argan «Andijon», «Lokomotiv» va «Nasaf» jamoalari bormoqda.

Bugun maydonga tushadigan «Navbahor» jamoasi 4 ochko bilan turnir jadvalining 6 qatorida, 2 ochkoli OKMK 8-o‘rinda joylashgan. Dinamo va «Bunyodkor» jamoalari o‘tgan ikki turda ham mag‘lubiyatga uchragan holda hali biron bir ochko qo‘lga kirita olganicha yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Superliganing 4-tur o‘yinlari 28-31-mart kunlari davomida bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA