Futbol: 18-tur ikki durang bilan boshlandi
Futbol bo‘yicha Osiyo milliy terma jamoalari jahon chempionati saralash o‘yinlarining 3-raundi birinchi va ikkinchi turlarini o‘tkazganligi sababli e’lon qilingan navbatdagi FIFA kunlari yakuniga yetib, O‘zbekiston chempionati superligasi bahslari davom ettirildi.
Kuni kecha 18-turning ikki uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tur doirasida Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida Navoiyning “Qizilqum” jamoasi Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini qabul qilgan bo‘lsa, Toshkentda “Paxtakor” Farg‘onining “Neftchi” jamoasi bilan bahs olib bordi.

Qarshida “Qizilqum” va “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi o‘yinning birinchi bo‘limi teng kurashlar ostida o‘tdi. Garchand har ikkala jamoa a’zolarida ham hisobni ochish uchun bir qator imkoniyatlar bo‘lgan bo‘lsada, futbolchilar ushbu vaziyatlarni golga aylantira olmadi. Natijada o‘yinning birinchi bo‘limida darvozalar daxlsizligi saqlanib qolindi va jamoalar 0:0 hisobida tanaffusga chiqdi.

Ikkinchi bo‘limda maydon egasi maqomida to‘p surgan “Qizilqum” jamoasi hujumlar sonini birmuncha oshirib mehmonlar jarima maydonchasi yaqinida bosimni oshirgan bo‘lsa, jizzaxliklar ancha xavfli bo‘lgan qarshi hujumga tayanib to‘p surdi.

Mezbonlar bosh murabbiyi Jamshid Saidov jamoasi tarkibida bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirgach, “Qizilqum” o‘yinida hujumlar soni ortdi. O‘yinning 73-daqiqasida Muhammadali G‘iyosov jamoadoshi Ilhom Vahobovning uzatgan to‘pini to‘xtatmasdan jizzaxliklarning legioner posboni Milan Mitrovich qo‘riqlayotgan darvozaga ajoyib zarba bilan joylab qo‘ydi – 1:0.
O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich jamoasidagi 5-o‘zgarishga qo‘l urdi va o‘yinning 83-daqiqada Umidbek Sultonov o‘rniga Samandar Sindarov maydonga tushirildi. Shundan so‘ng jamoaning hujumlari yanada jiddiylashdi.

O‘yin bosh hakami Nayim Qosimov tomonidan uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan 4 daqiqaning 90+3-sida “So‘g‘diyona”ning tajribali futbolchisi Oleg Zoteyev legioner jamoadoshi Lyupcho Doriyev uzatgan to‘pni boshi bilan darvozaning olis burchagiga yo‘llab hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa “Qizilqum” – “So‘g‘diyona” jamolari o‘rtasidagi uchrashuv 1:1 hisobi bilan yakuniga yetdi.
– Biz uchun o‘yin ancha qiyin kechdi, – dedi “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovich o‘yindan keyingi matbuot anjumanida. – Mezbonlar bizga butun uchrashuv davomida qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Ikkinchi qavatda urinib ko‘rdik, “Qizilqum” havodan kelgan to‘plarga ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ekan. Hujumlarimizning ikkinchi tempi u qadar yorqin chiqmadi. Shunday bo‘lsa ham biz jamoaviy futbol namoyish etib, hisobni tenglashtirdik. Hozir har bir ochko muhim. Navbatdagi uchrashuvlar oldidan bugungi o‘yinda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ustida ishlaymiz.

Matbuot anjumanida “Bugungi natijadan so‘ng jamoangizning chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?” degan savolga mehmonlar bosh murabbiyi “Nasaf” chempion bo‘ladi deb hozirdan ayta olmaymiz, chunki bu futbol va futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Kichik bo‘lsada imkoniyat bormi, demak undan foydalanishga harakat qilishimimiz shart”, deya javob berdi.
Shu kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Paxtakor” – “Neftchi” uchrashuvida nursiz durang – 0:0 hisobi qayd etildi.
18- turning markaziy uchrashuvi bugun Namanganda “Navbahor” va turnir jadvali yakka peshqadami “Nasaf” o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Shungdek, bugun Samarqandda “Dinamo” Toshkentning “Bunyodkor” klubini qabul qiladi. Qolgan uchrashuvlar 15 va 16 sentyabr kunlariga belgilangan.
Turnir jadvalini hozir 38 ochko bilan Qarshining “Nasaf” jamoasi boshqarib bormoqda. 2-pog‘onada borayotgan Olmaliqning OKMK klubida 32, Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasida 31 ochko bor. Bekobodning “Metallurg” klubi 10 ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi – 14-pog‘onasida bormoqda.
A.Qayumov,
O‘zA