Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash yo‘nalishida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, Samarqand shahrida tug‘ilgan, haydovchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro S.P. mahalliy fuqaro G‘.A.ni 30 ming AQSH dollari evaziga "o‘zining qo‘li uzun tanishlari" orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishni va’da qiladi. Buning uchun oldindan 10 ming, AQSHga borganidan so‘ng yana 20 ming dollarni berishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Ushbu kelishuvga ko‘ra, fuqaro S.P. "mijozi" G‘.A.dan 10 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Hozirda holat yuzasidan S.P.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilmoqda.
G‘. Hasanov, O‘zA