Fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyati uchun yaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar va ularni amalga oshirish orqali nodavlat tashkilotlarining jamiyat hayotidagi roli, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishdagi ishtiroki kuchayib bormoqda.
Shunga monand fuqarolik jamiyati institutlari ham hududlarda qabul qilinayotgan dasturlar ijrosi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatyapti. Aynan dasturlarda belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda ham ularning roli tobora ortib boryapti.
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Farg‘ona viloyatida ham fuqarolik jamiyati institutlari son va sifat jihatidan yuksalib bormoqda. Xususan, viloyatimizda 800 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, sog‘liqni saqlash, sport, tadbirkorlik va fermerlik, favqulodda holatlar, nogironlar huquqlarini himoya qilish, madaniyat, tarix va ma’rifat sohalarida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ushbu nodavlat va notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Farg‘ona viloyatida ham bir qator tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2022 yilda 13 ta jamoat tashkilotining loyihasi uchun 520 million so‘m, 2023 yilda 11 ta jamoat tashkilotlari loyihasiga 550 million so‘m grant mablag‘lari ajratilgan.
Viloyat jamoat fondi tomonidan 2022 yilda 3 ta jamoat tashkilotiga 400 million so‘m, 2023 yilda 2 ta jamoat tashkilotiga 420 million so‘m miqdorida ijtimoiy buyurtma mablag‘lari berilgani ham fikrimizning yorqin misolidir.
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2022 yilda 13 ta, 2023 yilda 17 ta jamoat tashkilotining loyihalariga jami 1 milliard 525 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, o‘tgan 2023 yilda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi huzuridagi jamoat fondi tomonidan Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan 1 ta jamoat tashkilotining loyihasiga grant mablag‘i ajratilgan.
Keyingi yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini rag‘batlantirish mexanizmlari ham maqsadli takomillashtirilib, kafolatlar mustahkamlanmoqda. Jumladan, 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda davlat boji 5 baravarga, ularning ramzlarini ro‘yxatdan o‘tkazish boji 2,5 baravarga, nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar NNTlarini ro‘yxatga olish boji esa 50 foizgacha kamaytirildi, NNTlarni davlat ro‘yxatiga olish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish muddati 2 oydan 1 oyga qisqartirildi, NNTlar barcha soliq va majburiy to‘lovlardan ozod etildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridagi 83-maqsadda erkin fuqarolik jamiyatini va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish bo‘yicha ijtimoiy sheriklikda amalga oshiriladigan loyihalar sonini kamida 3 baravarga ko‘paytirish, davlat dasturlarida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini kamida 80 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Bu esa mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash davlat e’tiborida ekanligi va bu e’tibor kun tartibidan hech qachon tushmasligidan dalolat beradi.
Sanjarbek Rahmonov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Farg‘ona viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA