Poytaxtimizda Davlat kadastrlari palatasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Yunusov hamda palataning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Jasur Karimov ishtirokida Yunusobod tumani aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda 70 ga yaqin fuqarolar qatnashdi va 20 dan ziyod fuqaroning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, meros va shu kabi masalalar bo‘yicha murojaatlari tinglandi.
Ma’lumki, mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash borasida xalqchil mexanizm yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar, aholi vakillari bilan mutasaddi rahbarlarning uchrashuvlari bugun yaxshi an’anaga aylandi. Xalq bilan muloqot tizimining amaliy natijalari odamlar roziligiga erishish hamda jamiyat rivojini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Sayyor qabulda kelib tushgan aksariyat masalalar joyida hal etildi. O‘rganilishi vaqt talab qilgan murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, yig‘ilganlarga qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar haqida ham batafsil ma’lumot taqdim qilindi.
– Kadastr borasida ko‘plab masalalarga hali tushunmas ekanman, –dedi fuqaro Lola Ergasheva. – Mazkur sayyor qabul orqali ko‘plab huquqlarimni bilib oldim. Sohaga oid ma’lumotlar berishdi. Bunday tadbirlar odamlarning sohaga oid bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA