Fuqarolarga pensiya tayinlash yanada osonlashdi
AOKAda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Kamoliddin Hojibekov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Mutaxassisga ko‘ra, 2025 yil 1 martdan boshlab pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyalar “avtomatik” tarzda, ya’ni hech qanday hujjat talab etmagan holda va fuqaroning murojaatisiz tayinlanadi. Fuqaroning shaxsiga oid barcha ma’lumotlar vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan olinadi.
Yoshga doir pensiyalarni fuqarolar belgilangan yoshga to‘lishi munosabati bilan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibining joriy etilishi davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Pensiya yoshiga yetgan fuqaroga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida pensiya tayinlash haqida qaror qabul qilinganida uning telefon raqamiga “pensiya tayinlangani va uning miqdori” to‘g‘risida xabar yuboriladi. Agar fuqaroning nomiga mobil telefon raqami rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, pensionerga tegishli ma’lumotlar uning yashash manzili bo‘yicha O‘zbekiston pochtasining elektron pochta jo‘natmalari yagona milliy tizimi orqali yetkazib beriladi.
Shuningdek, pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan yoki pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga “avtomatik” tayinlangan pensiyani rad etish huquqi berilmoqda. Fuqarolar pensiya tayinlanganidan, pensiya miqdoridan yoki pensiya tayinlanishi rad etilganidan norozi bo‘lgan taqdirda Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Qayd etilishicha, erkaklar 60 yoshga to‘lganda, ayollar esa 55 yoshga to‘lganda yoshga doir pensiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Agar pensiya tayinlanishi rad etilsa, fuqaroning telefoniga rad etish sabablari, qo‘shimcha hujjatlarni taqdim qilish muddati va qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyatlar qilish tartibi bo‘yicha SMS-xabar yuboriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA