Fuqarolarga nafaqalar o‘z vaqtida yetib bormagan...
Prezidentimizning 2017 yil 13 martdagi qarorlariga muvofiq, pensiya va nafaqalar AT «Xalq banki» maxsus kassalari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari binosida amalga oshirilmoqda.
Ushbu qarorda mustaqil harakatlanish hamda pensiyalar va nafaqalarni maxsus kassalardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga pensiyalar va nafaqalar Xalq banki tomonidan bevosita ular yashaydigan joyga yetkazib berishi belgilangan.
Xususan, pensiya va nafaqa to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun mablag‘lar Pensiya jamg‘armasi tomonidan muddatidan avval har oyning 13-14 sanasiga qadar to‘liq moliyalashtirilmoqda (amaldagi tartib bo‘yicha 27 sanasiga qadar).
Yuqoridagilarga muvofiq AT «Xalq banki»ning maxsus kassalari tomonidan yotoqdagi va nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘lovlar bevosita ularning yashash manzillariga yetkazilmoqda.
O‘z navbatida, Pensiya jamg‘armasi tomonidan ushbu to‘lovlarni belgilangan tartibda yetkazib berilishi ustidan tizimli ravishda nazorat tadbirlari olib bormoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan monitoring ishlari davomida 1 110 nafar I – II guruh nogironligi bo‘lgan hamda mustaqil harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolarga pensiya va nafaqa mablag‘lari ularning yashash manzillariga o‘z vaqtida yetkazib berilmaganligi aniqlangan. Mazkur aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etilib, aybdor xodimlarga tegishli intizomiy jazo choralarini ko‘rib borilmoqda.
Eslatma: Pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolar to‘lovlarni o‘z vaqtida yetkazilishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining 1140 – «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qilamiz.
O‘zA