Fuqarolarga 9,5 milliard so‘mlik subsidiya ajratildi
2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalari olib berish bo‘yicha 2124 nafar fuqaroga 9,5 milliard so‘mlik subsidiya ajratildi.
Shundan “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1745 nafar xotin-qizlarga 8,4 milliard so‘mlik , “Yoshlar daftari”dagi 102 nafar yoshlarga 426 million so‘mlik asbob-uskunalari xarid qilinib, bandligi ta’minlandi.
5 nafar fuqaroga 43,4 million so‘mlik yengil konstruksiyali issiqxonalar qurib berildi. Qishloq xo‘jalik kooperativlarini ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun 9 nafar fuqaroga 27 million so‘mlik subsidiya ajratildi.
“Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badali xarajatlari uchun 65 nafar fuqaroga ham 70 million so‘mlik subsidiya berildi.
“Ustoz-shogird” an’analari asosida yoshlarga kasb-hunar o‘rgatayotgan 40 nafar hunarmandga shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash maqsadida 107,7 million so‘mlik subsidiyalar ajratildi.
Kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘quv xonalarida o‘qitish qiyin bo‘lgan kasb yo‘nalishlarida “ustoz-shogird” an’analari asosida hunar o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga yoki hunar o‘rgatayotgan (yoki o‘rgatmoqchi bo‘lgan) ustalarning 2 nafariga 13,2 million so‘mlik subsidiya mablag‘lari berildi.
O‘zA