Fuqarolar qabuli: har bir murojaatga yechim bor
Farg‘ona viloyatida joriy yil o‘tgan davri mobaynida hududiy sektor rahbarlari tomonidan 1 ming 600 dan ortiq sayyor qabullar o‘tkazildi. 16 ming 36 ta murojaat qabul qilinib, ularni hal etish choralari ko‘rilmoqda. Albatta, bu aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish va muammolarini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farg‘ona shahridagi “Tadbirkorlar uyi”da o‘tkazilgan viloyat hokimi Xayrulla Bozorovning navbatdagi qabulida shahar va tumanlardan kelgan 60 nafarga yaqin fuqarolar murojaatlari viloyat hokimligi mas’ullari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Moddiy yordam, uy-joy, subsidiya, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit olish, hududlarni obodonlashtirish, bandlik, tibbiy xizmat kabi yo‘nalishlarda ko‘plab masalalar eshitilib, 40 dan ziyod murojaatlarga qabul chog‘ida aniq yechimlar belgilandi.
Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi Saidali Husanov xorijdan tibbiyot jihozlarini olib kelish uchun kredit olishda yordam so‘radi va masalani ijobiy hal qilish uchun mutasaddilarga topshiriq berildi.
[gallery-8282]
Farg‘ona tumani “Shohimardonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini ahli nomidan murojaat bilan kelgan Shokirjon Hojiboyev esa hududda mavjud chiqindixona muammosini hal etish va yoshlarga qulay shart-sharoitlar yaratilishi bo‘yicha murojaat qildi va bu masala joyiga chiqib o‘rganishdan so‘ng aholi takliflari asosida hal etilishi belgilandi. Qo‘qon shahrilik Dildora O‘rinboyeva avvalgi qabuldagi murojaatlari ijobiy yechim topganini aytib minnatdorchilik bildirdi.
– 2-guruh nogironiman, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turaman, – deydi Dildora O‘rinboyeva. – Bir nafar farzandim bor. 5 million so‘m moddiy yordam, subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi, davolanishim uchun ko‘mak ko‘rsatildi. Uy-joy oldim. Hammasi uchun rahmat.
Qabul jarayonida ayrim fuqarolarning murojaatlari mas’ul idoralarga qo‘shimcha o‘rganish uchun yo‘naltirildi. Qonuniy jihatdan yechim topish imkoni bo‘lmagan murojaatlar bo‘yicha ham fuqarolarga tegishli tartibda tushuntirishlar berildi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA