Fuqarolar murojaatlari ijobiy yechim topmoqda (+video)
Inson manfaatlari har narsadan ustun bo‘lgan yurtimizda fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash hamda ularning turli muammo va masalalariga ijobiy yechim topish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Ko‘p qavatli uyning tomidan uyimga suv o‘tib ketmoqda” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Aynan ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi holat joyiga yetib keldi.


– Yakkasaroy tumanida joylashgan mazkur ko‘p qavatli uyga “Yakka prof kom servis” kompaniyasi tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Ammo ishlar qoniqarli emas, – dedi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Abdunazar Pardayev. – Jumladan, fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra kompaniya tomonidan 10 yildan beri xizmat ko‘rsatilmasligi, biroq yashab turuvchi fuqarolardan majburiy to‘lovlar undirilayotgani ta’kidlandi. Ko‘p qavatli uyning holati esa aynan fuqarolarning so‘zlarini isbotlab turibdi. Binobarin, ko‘p qavatli uyda mavsumiy ta’mirlash ishlari olib borilmagan. Natijada 4-qavatda yashab turuvchi fuqarolarning uylariga tom qismdan suv sizib kirgan. Bu esa ushbu uyda yashovchi fuqarolarning uylariga hamda binoning holatiga jiddiy zarar yetkazgan. Mazkur holat yuzasidan inspeksiya xodimlari tomonidan boshqaruv servis kompaniyasiga qonuniy tartibda choralar ko‘rilib, inspeksiyaning nazorati ostida kompaniya tomonidan ushbu kamchiliklarni joyida bartaraf etishga kirishildi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, 2024 yilda kompaniya ustidan fuqarolar tomonidan ko‘p shikoyatlar kelib tushgan. Natijada, inspeksiya xodimlari tomonidan kompaniya faoliyati o‘rganilganda mulkdorlar tomonidan to‘lanayotgan majburiy badal to‘lovlari maqsadsiz sarflanayotgani aniqlangan. Bu bo‘yicha inspeksiya xodimlari tomonidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Lvil17gi5p4" title="Fuqarolar murojaatlari ijobiy yechim topmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sh.Mamaturopova, O‘zA