Fuqarolar murojaatlari ijobiy hal etildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Navoiy shahrida sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulda 53 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning murojaatlari atroflicha o‘rganib chiqildi. Murojaatlarning 36 tasi jinoyat, 10 tasi fuqarolik, 3 tasi iqtisodiy hamda 4 tasi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarga oid murojaatlarni tashkil etdi. Shuningdek, 47 nafar fuqaroning og‘zaki murojaati qabul qilindi.
Qabul qilingan murojaatlarning 23 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 30 ta murojaat qanoatlantirildi.

Sayyor qabul davomida sudlar tomonidan sayyor sud majlislari ham o‘tkazilib, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan taqdimnoma va iltimosnomalar asosida ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash hamda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 5 nafar mahkum jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 5 nafar fuqaroga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrog‘i bilan almashtirildi. 47 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazolarini yengil tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 30 ta aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratildi. 1 nafar asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan fuqaro ishga tiklandi. 7 nafar fuqaroning qat’iy aliment undirish yuzasidan da’vo arizalari qanoatlantirildi.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan esa 15 ta tadbirkorlik sub’ektlarining da’vo arizalari bo‘yicha talablari qanoatlantirildi va da’vogarlar hisobiga qariyb 1 milliard 349 million so‘m undirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, sayyor qabulda fuqaroning sud buyrug‘iga nisbatan bergan e’tiroznomasi qanoatlantirilib, asossiz ravishda hisoblangan 21 million 36 ming 525 so‘mlik soliq qarzdorligi bekor qilindi.

Albatta, bu kabi ommaviy sayyor qabullarning o‘tkazilishidan maqsad fuqarolarni uzoq vaqt davomida o‘z yechimini topmay kelayotgan sud-huquq sohasiga doir muammolariga qonuniy yechim topish hamda xalqni rozi qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali odil sudlovga erishishdir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri