Fuqarolar murojaati e’tiborsiz qolmaydi
Ma’lumki, globallashuv sharoitida har sohada ochiq, shaffof va oshkora siyosat olib borish davr talabi hisoblanadi. Zero, hech bir fuqaroning murojaati e’tiborsiz qolmasligi kerak.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev navoiylik tadbirkor, “Nur-Sulton-Asad” rahbari Norchaboy Sodiqovning shikoyatini o‘rganish maqsadida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov hamda "Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish" uyushmasi raisi Erkin Hayitov bilan uchrashdi.
“Nur-Sulton-Asad” MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan 2021 yil 29 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Uchrashuvda davlatimiz rahbarining 2021 yil 8 iyuldagi “Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, respublikada kavrak sanoatida mas’ul etib Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi belgilanganligi hamda qarorning 6-bandiga asosan, qo‘mitaning doimiy egaligidagi yaylovlar hududida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan dorivor o‘simliklarni, shu jumladan kavrak o‘simligini yig‘ish, ekish va yetishtirish qo‘mita bilan tuzilgan ijara shartnomalari asosida va unda belgilangan hududlarda amalga oshirishi lozimligi tushuntirildi.
Tadbirkor bundan bexabar ekanligini va qo‘mita bilan belgilangan shartlar asosida kelgusida ish yuritishni taklif etdi. Qo‘mita raisi B.Sharipov doimo tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashini, ammo barcha harakatlar qonun doirasida bo‘lishi shartligini ta’kidladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA