Fuqarolar manfaatlari yo‘lida sud va notariuslar hamjihat
Xorazm viloyat sudi tashabbusi bilan Notarial palataning viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlashda sud va notariatning o‘rniga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Unda viloyat sudi raisi v.v.b. A.Matkarimov, Notarial palataning viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i I.Rahmonova, sudyalar va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar ishtirok etishdi.
Seminarda asosiy mavzu Oliy sud va O‘zbekiston notarial palatasi o‘rtasida 2025 yil 4 sentyabrda imzolangan “Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlashda sud va notariatning hamkorligi to‘g‘risida”gi kelishuvda nazarda tutilgan masalalar hamda mazkur yo‘nalishda sud amaliyotida vujudga kelayotgan muammolar yechimi bo‘ldi.
Muloqotlarda fuqaro va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sud va notariat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, ushbu jarayonda ochiqlik, shaffoflik, samaradorlikni ta’minlash borasida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ta’kidlandi.
– Muloqotda sudyalar tomonidan sud amaliyotida uchrayotgan muammolar tahlil qilinib, notariuslar faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar tushuntirildi, – deydi Xorazm viloyat sudining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Bunyodbek Husinov. – Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi tomonidan notarial tartibda rasmiylashtirilgan bitimlarni haqiqiy emas, deb topish va bekor qilish haqida 2024 yilda 21 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, ularning 3 tasi qanoatlantirilgan, 16 tasi rad qilingan va 2 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan. 2025 yilning 9 oyi davomida esa 8 ta ana shunday ishlar ko‘rilgan va 2 tasi qanoatlantirilib, 5 tasi rad qilingan. Bittasi ko‘rilmasdan qoldirilgan. Ko‘rilgan ishlar ichida, ayniqsa, hadya va oldi-sotdi shartnomasi kabi bitimlar hamda er-xotinning birgalikdagi turmushi davrida olingan mulklarni tasarruf etish, bunday mulklar yuzasidan vorislikka oid qonunchilikni qo‘llash, merosni egallash singari masalalar ko‘p uchraydi.
[gallery-25986]
Seminarda so‘zga chiqqanlar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notarial idoralarning o‘rni, notarial harakatlarga oid nizolarni sudgacha va sudda hal etilishida o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari borasida ham fikr bildirishdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari