Fuqarolar manfaatlari qonun himoyasida
“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga egalik huquqini e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan xalqimizni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan masalalarga topilgan yechimlar, aholini ushbu masalada qiziqtirayotgan va o‘ylantirayotgan muammolar hal bo‘lmoqda.
Qonunga ko‘ra, fuqarolar qanday ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga ijara va mulk huquqi asosida qonuniy o‘tkazib olishi mumkin? O‘zboshimchalik bilan qurilgan va egallab olingan yer uchastkalariga, ularda qurilgan binolar va inshootlarni rasmiylashtirish rad etilayotgani bilan bog‘liq savollarga javob olish maqsadida Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Rustam Payziyevga bir necha savollar bilan murojaat etdik.
– Nima uchun bu borada aynan alohida qonun ishlab chiqildi va bunga zarurat bormidi? Bu avvalgi aksiyadan nimasi bilan farqlanadi?
– Bugungi kunda yakka tartibdagi uy-joylar, noturar joylar, bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlaridagi dala hovlilar egalik huquqi mavjud bo‘lmasdan turib, tegishli tashkilotlardan ruxsatnoma olinmagani sababli ularning barchasi o‘zboshimchalik bilan qurilgan hisoblanadi. Bu qonunda esa shu kabi toifadagi ayrim ob’ektlarga egalik huquqi berilishi, shuningdek, xususiylashtirilgan binolarni egallagan yer maydonlarini biriktirish kabi qo‘shimchalar belgilangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalar qachon qurgani kosmik syomka ishlari natijasida yillar va oylar kesimida tahlil qilib beriladi. Natijada aksiya doirasida yangi noqonuniy qurilmalar qurilishi hamda qishloq xo‘jaligi ekin yer maydonlarini talon-taroj qilinishining oldi olishga erishish imkoni bor.

– Hozirda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer bilan bog‘liq vaziyatlar va muammoli masalalarni o‘rganishda nimalarga e’tibor qaratilmoqda?
– Viloyatida joriy yil avgust oyi oxirigacha 792 mingta ko‘chmas mulk ob’ektlari hisobga olingan bo‘lib, shundan, yangi qonunga asosan aksiyaga tushadigan ob’ektlar hisob-kitob qilindi. Unga ko‘ra, 28 ming gektar yer maydonida qurilgan 334 mingta ko‘chmas mulklarga nisbatan tatbiq etiladi.
Jumladan, 10,8 ming gektar yer maydonida qurilgan 80 ming 229 ta turar-joylar, Vazirlar Mahkamasi tegishli qarori bo‘yicha mulk huquqi berilishi mumkin deb topilgan. Lekin hokimlik qarori chiqarilmasdan qolib ketgan 5 ming gektar yer maydonida joylashgan 34 mingta turar-joylar, tuman (shahar) hokimi qarori bilan ajratilgan lekin viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanmagan 35 ta 180 gektar holatga, shuningdek, 1 ming 61 gektar yer maydonida joylashgan 20 ming 127 ta bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati hududida qurilgan turar-joylar, 130 gektar yer maydonida 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalariga joylashtirilgan 212 ta noturar-joy ob’ektlariga hamda 6 ming 363 ta xususiylashtirilgan binolar egallagan 560 gektar yer maydoniga egalik huquqi tatbiq qilinishi rejalashtirildi.
– O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalaridagi bino-inshootlar sug‘oriladigan maydonlarda qurilgan bo‘lsa, u holda binolar buzib tashlanib, yer qayta davlat zaxirasiga olinishi mumkinmi?
– Yangi qonunda belgilanganidek, bino-inshootlar, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylar qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi sug‘oriladigan yerlarda joylashgan taqdirda, huquqlarni e’tirof etish masalasi yer fondining toifasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘zgartirilganidan keyin ko‘rib chiqiladi.
Ya’ni Yer kodeksining 44-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan sug‘oriladigan yerlar boshqa toifaga faqat tegishli hukumat qarori asosida o‘tkazilishi belgilangan. Shunga ko‘ra, bunday masalalarni yechimi bugungi kunda Vazirlar Mahkamasida tashkil qilingan “Hukumat komissiyasi” tomonidan ko‘rib chiqiladi.
– Mazkur qonunga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni e’tirof etish ya’ni rasmiylashtirish uchun fuqarolar qaysi tashkilot yoki idoralarga murojaat qilishlari kerak?
– Bu qonunga ko‘ra, fuqarolarimiz hech qayerga murojaat qilishmaydi. Chunki, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish har yilgi reja-jadval asosida amalga oshiriladi. Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlanib, jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.
– Hozirda, ko‘plab fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolar bor, albatta. Shulardan biri, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga to‘liq kadastr hujjati rasmiylashtirilish imkoniyati yaratiladimi yoki hududlar bo‘yicha ham alohida qoidalar mavjudmi?
– Endi yakka tartibdagi uy-joylarning qonunchilik hujjatlariga hamda hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish to‘g‘risidagi hujjatlarga (mavjud bo‘lsa) muvofiq qurilish ta’qiqlangan hududlarda joylashmagani mazkur yer uchastkasiga hamda unda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish uchun asos bo‘ladi. Ya’ni sug‘oriladigan ekin yer maydonida joylashmagan bo‘lsa, shuningdek, kuchli elektr tarmoqlari, hudud gaz va magistral gaz quvurlari, suv inshootlarining muhofaza mintaqasida joylashmagan bo‘lsa, ko‘chmas mulkka egalik huquqi beriladi.
– Ilgari hududlar, ayniqsa, qishloq joylarida yashovchi fuqarolarning ko‘pchiligi uy-joy qurgan va yonidagi bo‘sh turgan yer maydonlarini 50 va undan oshiq sotixgacha bo‘lgan joylarni ham egallab olgan. Endilikda ushbu qonun bilan mazkur toifadagi noqonuniy yerlarning hamma sotixi qancha bo‘lishidan qat’iy nazar rasmiylashtirib beriladimi?
– Mazkur qonunga asosan, agar yer uchastkasi 1998 yil 1 iyulgacha egallangan bo‘lsa, barcha hududlarda 24 sotixdan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda, agar yer uchastkasi 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 mayga qadar egallangan bo‘lsa 12 sotixdan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda egalik huquqi e’tirof etiladi. Qolgan yer maydoni esa ijara huquqi asosida basharti boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa, dehqon xo‘jaligini yoki tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun e’tirof etiladi.
– Mutaxassis sifatida fuqarolarga o‘z tavsiyalaringizni bildirsangiz.
– Hurmatli fuqarolarimizdan shuni so‘rab qolardikki, yangi qonun ijrosi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan tizimli tarzda ta’minlanadi. Ular bu jarayonda yolg‘onlarga uchib, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolaman.
Suhbatni Abdulaziz Musayev yozib oldi.
O‘zA.