Fuqarolar manfaati – adolat mezoni
Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Inson manfaati ustuvor bo‘lgan joydagina adolat qaror topadi.
Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati sudi tashabbusi bilan viloyat sudi raisi, viloyat prokurori hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Unda surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Seminarda qonun ustuvorligini ta’minlash, tergov jarayonida xatolarning oldini olish, dalillar maqbulligiga oid qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, asosiy maqsad fuqarolarning haq-huquqlarini ishonchli himoya qilish, tergov sifati va samaradorligini oshirish hamda mavjud muammolarga yechim topishdan iborat.

So‘zga chiqqanlar idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish bugungi kun talabi ekanini qayd etdi. Har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani alohida ta’kidlandi.

Seminar yakunida tergov organlari faoliyati samaradorligini oshirish, qonuniylikni ta’minlash va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri