Fuqaro va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilish yengillashtiriladi
Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksini tasdiqlashga oid qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyihada fuqaro va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilishni yengillashtirish, da’vo turlarini aniq belgilash, jamoaviy da’vo institutini joriy etishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.
Mazkur loyiha bo‘yicha Oliy sud raisi o‘rinbosari Sh.Polvonov batafsil ma’lumot berdi:
— Davlat organlari faoliyati ustidan sud nazoratini o‘rnatishda ma’muriy sudlar muhim o‘rin tutib, aholining ularga bo‘lgan ishonchi yil sayin ortib bormoqda. 2017-2026-yillar davomida ma’muriy sudlarda 150 mingga yaqin ish ko‘rib chiqilgan. Ularning 55 foiz qismida fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari tiklangan.
Bugungi kunda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda to‘plangan amaliy tajriba amaldagi Kodeksni zamon talablariga moslashtirish, fuqaro va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda. Shu maqsadda ishlab chiqilgan ushbu loyiha bilan, avvalo, fuqaro va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilish ancha yengillashtirilmoqda. Ya’ni, arizadagi formal kamchiliklar uchun ariza qaytarilmaydi. Aksincha, sud arizachiga kamchiliklarni bartaraf etish va ariza talabini to‘g‘ri shakllantirishda ko‘maklashadi. Agar ariza yanglishib boshqa hududdagi sudga topshirilsa, sud uni qaytarmasdan, “Yagona darcha” tamoyili asosida tegishli sudga o‘zi o‘tkazadi.
Eng muhim yangiliklardan biri – fuqaro va tadbirkorlarning haqligi prezumpsiyasi kengaytirilmoqda. Ya’ni, davlat organi qabul qilgan qarori qonuniy va asosli ekanligini, qo‘llanilgan jarima yoki boshqa chora qilmishga mutanosib ekanini o‘zi isbotlashi shart bo‘ladi. Sud esa ishni faqat rasmiy jihatdan emas, balki qo‘llangan chora qonunda ko‘zlangan maqsadga mos va yetarli ekanligi nuqtai nazaridan ham tekshiradi.
Shu bilan birga, buzilgan huquqni tezkor tiklash uchun 4 turdagi da’vo instituti joriy etilib, ularni berishning aniq muddatlari belgilanmoqda. Bundan tashqari, ma’muriy organ qarori bilan bir guruh shaxslar huquqlari buzilgan hollarda 20 nafar va undan ortiq shaxs birgalikda jamoaviy da’vo berishi mumkin bo‘ladi.
Savdo-sanoat palatasiga esa garchi u birinchi instansiya sudida ishtirok etmagan taqdirda ham, tadbirkor manfaatida sud qarori ustidan yuqori instansiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shikoyat kiritish huquqi berilmoqda, — dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari.
Qayd etilganidek, qonun loyihasida davlat organlarida qonuniylikni ta’minlash maqsadida sud mansabdor shaxslar faoliyatida korrupsiya alomatlarini aniqlasa, materiallarni vakolatli organlarga yuborishi belgilanmoqda. Sud qarorlari ijrosi uchun mas’uliyat ham kuchaytirilmoqda. Mansabdor shaxsga jarima qo‘llanilganidan keyin ham qaror takroran ijro etilmasa, sudga jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun prokurorga xabar berish vakolati berilmoqda.
Shu bilan birga, endilikda fuqaro va tadbirkorlar hokimliklarning normativ-huquqiy hujjatlari ustidan ham ma’muriy sudga shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi. Bunday shikoyatlar viloyat darajasidagi sudlarda sudyalar hay’ati tomonidan prokuror ishtirokida ko‘riladi.
Muhokamalarda deputatlar loyihadagi normalar bo‘yicha bir qator savollarni o‘rtaga tashladi va mas’ullar tomonidan tegishli javoblar qaytarildi, tushuntirishlar berildi. Har bir normani ishlab chiqishda amaliyot va xorijiy tajribadan kelib chiqib yondashilgani, ular saylovchilarning manfaatlariga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ko‘zda tutilgan normalar fuqaro va tadbirkorlar huquqlarining samarali sud himoyasini ta’minlash, davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash hamda aholining ma’muriy sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlanib, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA