Fuqaro va tadbirkorlar manfaati ishonchli himoyada
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 27 dekabrdagi qonuni bilan sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 3721-moddasiga ko‘ra, sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi yuzasidan birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati yoki kassatsiya protesti bo‘yicha tekshiruv qo‘zg‘atiladi.
Mazkur kodeksning 403-moddasiga ko‘ra, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar mustasno, sudning qonuniy kuchga kirgan va apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan kassatsiya shikoyati berishi mumkin.

Kodeksning kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati — tegishli fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi FPKning 4051-moddasiga ko‘ra, kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida berilishi mumkin. O‘tkazib yuborilgan kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra kassatsiya instansiya sudining sudyasi tomonidan, agar iltimosnoma kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan bo‘lsa va o‘tkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilsa, tiklanishi mumkin.
Kodeksning 4072-moddasiga ko‘ra, kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishga qabul qilish masalasi kassatsiya instansiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda shikoyat (protest) sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida ajrim chiqariladi, uning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ajrim chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay, ushbu kodeksning 270-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
Kassatsiya instansiyasining sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari bo‘yicha quyidagilarga haqli:
1) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni to‘liq yoki qisman bekor qilishga va yangi hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror qabul qilishga;
3) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni to‘liq yoki qisman o‘zgartirishga;
4) hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ushbu kodeksda ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni to‘liq yoki qisman tugatishga;
5) agar ish sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda ko‘rilgan bo‘lsa, hal qiluv qarorini, ajrimni bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga yuborishga.
Ushbu kodeksning 3722-moddasi birinchi qismining 4-bandida va 3724-moddasi ikkinchi qismining 2 va 4-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda, kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘radi.Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘rishga o‘tish haqida ajrim chiqarilib, unda bajarilishi lozim bo‘lgan harakatlar ko‘rsatiladi.
Sohib RAHIMOV,
Surxondaryo viloyat
sudi sudyasi