Fuqaro murojaati ijobiy yechim topdi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Havzak” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ruslan Sharipov oila a’zolari soni 7 nafarni tashkil etganligi, yana qo‘shimcha bir dona gaz balloniga ehtiyoji borligi yuzasidan tuman gaz ta’minoti bo‘limiga murojaat qilgan. Uning bu murojaati o‘zining amaliy yechimini topdi.
– Yangi maishiy gaz balloni uchun gaz ta’minoti bo‘limiga qilgan murojaatim e’tiborsiz qolmadi, – deydi Ruslan Sharipov. –Tegishli tartibda hujjatlarni taqdim etdim. Soha xodimlari kelib holatni o‘rganib, qo‘shimcha yangi gaz balloni berishdi.

Mahallada mavjud 8 ta qishloqning 2 tasi suyultirilgan gaz ta’minotiga moslashtirilgan bo‘lib, vaqtida maishiy gaz balloni bilan ta’minlanmoqda. G‘ijduvon tumanida yangi maishiy gaz balloni iste’molchilari sonining oshgani yil boshidan 150 nafarni tashkil etsa, bugunga qadar esa viloyat bo‘yicha ularning ko‘rsatkichi 1 ming 300 nafardan o‘tganini ko‘rsatmoqda. Albatta, ularga soha xodimlari tomonidan o‘z vaqtida gaz ballonlari tarqatilib, undan xavfsiz foydalanish lozimligi tushuntirilmoqda. To‘lovlar esa maxsus kartalarda amalga oshirib kelinmoqda.
Viloyatda 165 mingdan ortiq maishiy gaz balloni iste’molchisi istiqomat qiladi. Gaz ta’minoti tomonidan ularga o‘z vaqtida sifatli xizmat ko‘rsatilishiga erishilmoqda. Joylarda yangi iste’molchilarga ham gaz ballonlari soha vakillari tomonidan yetkazib berilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA