“Fuqaro – mahalla – adliya” tizimi amalda
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan Buxoro viloyatidagi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda Jondor tumanida adliya organlarining aholi muammolarini “fuqaro – mahalla – adliya” tizimi orqali hal etilayotgani masalasi o‘rganildi.
Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” gi farmoni bilan joylarda fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, aholiga davlat va huquqiy xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida adliya organlarining yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi.
Farmonga asosan adliya organlari tomonidan aholining kundalik hayotidagi huquqiy muammolarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etishga qaratilgan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, adliya organlarining hududlardagi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tuman (shahar) adliya bo‘limlariga 6 ta yangi vazifalar yuklatildi.
[gallery-18095]
Shu maqsadda Adliya vazirligining ko‘rsatmasiga muvofiq aholi muammolarini “fuqaro – mahalla – adliya” tizimi orqali hal etish bo‘yicha Buxoro tajribasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Unga ko‘ra, farmon ijrosi bo‘yicha ishlarni namunali tashkil etish maqsadida tumanlarda mahalla fuqarolar yig‘inlari tanlab olindi. Ularda uyma-uy yurish, sayyor qabul va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.
Press-tur doirasida Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan Jondor tumani “Ushot” mahallasi markazida “Ushot”, “Xumdonak”, “Ko‘liyon”, “Samonchuq” va “Sho‘robod” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi ishtirokida “Adliya kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda 5 ta mahalla fuqarolar yig‘inining aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazildi. Sayyor qabul davomida viloyat adliya organlarining mas’ul xodimlari tomonidan fuqarolarga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi, ayrim murojaatlar o‘rganib chiqish maqsadida ish yurituvga olindi.
Shuningdek, tadbir davomida fuqarolarga davlat va huquqiy xizmatlar (notarius, FHDYO va boshqa) sayyor tartibda ko‘rsatildi. Mahallalar aholisi uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tashkil etildi.
Aholining huquqiy madaniyatini oshirish uchun, avvalo, mahallada ishlaydigan xodimlarning huquqiy bilimi yuqori bo‘lishi kerak. Endilikda mahalla raislari adliya xodimlari yordamida o‘z huquqiy bilim va ko‘nikmalarini bepul oshirib boradi. Shunga ko‘ra, Buxoro tajribasi bo‘yicha nafaqat raislar, balki “mahalla yettiligi”ni ular faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlari mazmunini tushuntirish bo‘yicha seminarlar o‘tkazib borilmoqda. Xususan, tadbir davomida “Mahalla huquqshunosi” loyihasi doirasida 5 ta mahallaning yettiligini o‘qitish tashkil etildi. Ushbu mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, Farmonga asosan tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan mahallalarda uyma-uy yurish, sayyor qabullar, “xonadonbay” targ‘ibot tadbirlari, aholining “mahalla yettiligi” ga murojaati, “Adliya kuni”, “Huquqiy targ‘ibot kuni” tadbirlari orqali aholining kundalik hayotida uchrayotgan huquqiy muammolarni aniqlash va bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
– Bugungi kunga qadar aholi muammolarini hal etish bo‘yicha Buxoro tajribasi asosida tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan viloyatdagi 180 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 2,5 mingga yaqin xonadonlarga uyma-uy kirildi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh. Bahronov. – 120 dan ortiq huquqiy muammolar aniqlandi. Ushbu muammolarni bartaraf etish yuzasidan “mahallabay” chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Uyma-uy yurish davomida fuqarolarga 2 mingga yaqin huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Joylarda 1,5 mingdan ortiq sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Haftaning har chorshanba kuni mahallalarda “Huquqiy targ‘ibot kuni” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ushbu loyiha doirasida farmon qabul qilingan kundan hozirga qadar 204 ta mahallada 1850 marotaba huquqiy targ‘ibot tadbirlari amalga oshirildi. 1600 nafar shaxslarga, eng avvalo, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatildi.
Umuman olganda, adliya xodimlari belgilangan grafik asosida har qanday ob-havo sharoitida “mahallabay” usulda o‘z xizmat vazifalarini bajarishi orqali “mahalla yettiligi”ga fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy muammolarni hal etishga yaqindan ko‘maklashadi.
“Adliya kuni” doirasida aholiga Ushot mahallasida o‘rnatilgan infokiosk orqali davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi haqida batafsil tushuntirish berildi. Ushbu infokiosk orqali 40 dan ziyod davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish mumkin. Bu fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini oladi hamda ularning vaqti va mablag‘ini tejash imkonini beradi.
Press-tur ishtirokchilari Jondor tumani adliya bo‘limi binosida aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi. Zamonaviy sharoitlarga ega binoda adliya bo‘limi bilan birga davlat xizmatlari markazi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYO bo‘limi va “Madad” NNT huquqiy maslahat byurosi ham faoliyat ko‘rsatadi. Jondor tumani adliya bo‘limi binosida aholiga bir joyning o‘zida davlat va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari