Frontga poda haydab borgan konimexliklar
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabada oʻzbekistonlik jangchilarning, frontorti sanoat va qishloq xoʻjaligi tizimida tinimsiz ishlagan mehnatkashlarimizning beqiyos hissasi bor.
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabada oʻzbekistonlik jangchilarning, frontorti sanoat va qishloq xoʻjaligi tizimida tinimsiz ishlagan mehnatkashlarimizning beqiyos hissasi bor. Jumladan, Navoiy viloyati Konimex tumani aholisining ham oʻziga xos oʻrni boʻlgan.
1941-yil 22-iyun kuni urush boshlangani haqidagi sovuq xabar bir zumda Konimex tumanining olis choʻl hududlaridagi chorvachilik ovullariga ham yetib bordi. Konimexlik yigitlar hech oʻylab oʻtirmay el-yurt nomusi, shon-sharafi uchun jangga otlandi. Yeltoy ovulida yashovchi Aloviddin Xoʻjamqulovning xotirlashicha, boʻz yigitlar mashina yoʻqligi uchun goh yayov, goh tuyada avval Nurotada toʻplanib, keyin Karmana temir yoʻl stansiyasidan jang maydonlariga qarab yoʻl olgan. Konimexlik 3786 yigit Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan. Ularning 413 nafari qahramonlarcha halok boʻlgan, 1500 nafari bedarak yoʻqolgan, aksariyati yarador boʻlib qaytgan.
Konimexlik Islom Mamaraimov, Nagʻimbet Qiztugʻanov, Nurtoza Urinbetov, Jubatqan Sarbayev, Baymurat Tauboyev, Raxman Oʻngʻarbayev, Gʻani Bedebayev, Buqarbay Xoʻjaxmetov, Qudaboy Qanatov, Aral Narziyev, Bayzaq Sarsenboyev, Maxambet Toʻrabekov, Aqnazar Omarov, Solih Karimov, Namoz Ochilov, Mustafo Normurodov, Ospan Mirzaliyev, Munsar Muratov, Bisen Baxtibayev, Berdi Usenov, Narzulla Ochilov, Abdi Shangitbayevlar koʻrsatgan qahramonliklari uchun yuksak unvonlar bilan taqdirlangan.
Konimexliklar koʻrsatgan qahramonliklar haqida koʻp gapirish mumkin. 1941-yil Kazelsk ostonasida konimexlik serjant Jaqip Boʻlekbayev pulemyot bilan fashistlarning polkiga katta qiron keltiradi. Yarador holida ham oxirgi kuchini toʻplab, nemis qoʻshiniga zarba berishda davom etadi. Fursatdan foydalangan biznikilar yangi marralarga yoʻl oladi. 1942-yil 11-avgustda Jukovo qishlogʻi uchun jangda nemislar Oka daryosi boʻylab 10 kilometrga chekinishga majbur boʻladi. Bu janglarda konimexlik Nagʻimbet Qiztugʻanov katta jasorat koʻrsatib, “Qizil Yulduz” ordeni bilan taqdirlanadi. Joʻraqul Andayevning Belarus, Ukraina, Polshani ozod qilishdagi xizmatlari hamon unutilgani yoʻq. Otaxon 2010-yili Gʻalaba bayramining 65 yilligi arafasida Belarus Prezidenti A.Lukashenkoning imzosi bilan “Belarus ozod qilinishining 65 yilligi”, 2015-yili “Belarus ozod qilinishining 70 yilligi” faxriy yorligʻi va medali bilan taqdirlanishi bunga yorqin misol boʻladi.
Taʼkidlaganimizdek, gʻalabaga erishishda konimexliklarning front ortidagi munosib hissasini ham eʼtirof etish joiz. Urush davrida ayollar bolalar koʻmagida qoʻsh haydab, yer agʻdargan, tekislagan, turli ekinlar ekkan. Hatto 13-14 yoshli qizlar ham har kuni dalada 12 soatlab ogʻir mehnat qilishga majbur edi. Biroq ishchi kuchi baribir yetishmagan.
Front ortida mashaqqatli, ogʻir mehnat qilayotgan, kolxozda kunu tun ishlayotgan ayollar olgan maoshiga roʻzgʻorini taʼminlay olmagan. 84 yoshli Joʻraboy Jumayevning xotirlashicha, onasi kolxoz ishidan tashqari qoʻl tegirmonida un chiqarib, kulcha non qilib sotgan. Oʻzlari non sotishiga qaramasdan bu oila farzandlari toʻyib non yemagan. Chunki, sotilgan nonning puli roʻzgʻor kamchiliklaridan sira ortmas edi.
Saribel ovulida yashovchi Manibek Abdiqodirovning buvisi Jamol Alishbekovadan eshitganini aytishicha, yoʻqchilik tufayli odamlar kalamushlar inlarini kavlab, jonivorlar yiqqan donlarni terib olishga majbur boʻlgan.
Shu yillarda zotdor qoʻylarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor berilgan. Shapek Kuzembayev, Moskva charm moʻynachilik institutini bitirgan zootexnik Nina Barinova boshchiligida osemenator – texnik xodimlarni tayyorlash kursi tashkil etiladi. Bu kurs mollarni sunʼiy urugʻlantirish uchun kadrlar tayyorlagan. Shapek Kuzembayev, Nina Barinova chamalaganidek qilingan ishlar natijasida jasadi katta, oyogʻi, boʻyni uzun, tanasi choʻziq, koʻkragi keng, jun qavati qalin zotdor qoʻylar koʻpaygan. Qirqim paytida qoʻchqordan 4,5 kilo jun olingan, semizi 75-85 kilo goʻsht bergan.
Albatta, birinchi eʼtibor frontga qaratilgan. Front taʼminotini mustahkamlash maqsadida kolxoz ayollaridan iborat guruhlar tuzilib, ular dasht, qir va adirlardagi toshbaqalarni tergan. Toʻplangan toshbaqalar tozalanib, goʻshti frontga joʻnatilgan, bogʻdorchilik bilan shugʻullanuvchi kolxozlar uzumdan shinni tayyorlab yuborgan.
Tumanning Qizilqum choʻllarida yashovchi aholi qoʻy sutidan sariyogʻ, brinza, qurt kabi mahsulotlarni tayyorlab urush maydonlariga joʻnatgan. 1942-yil fevralda Qizilqum sahrosida Xoʻjamqul Botir, Karimboy Mergan, Suyundik, Toirbek, Qularis, Bekaris kabi fidoyilar 150 dona qopqon bilan Qoratogʻ tizmalari, hozirgi Tomdi, Uchquduq tumanlari va Amudaryo boʻylab Tiksaut toʻqayzorlarida ov qilib, oʻljadan chiqqan goʻshtni frontga bergan.
Dushman zulmidan ozod qilingan Ukraina, Belarus, Rossiyaning gʻarbiy tumanlarini qayta tiklash uchun 1943-yil oxirlarida 100 mingdan ortiq, 1944-yil oʻrtalarida esa qariyb 150 ming qorakoʻl qoʻy va echki yuboriladi. Dastlab chorva mollari vagonda, paroxodda yetkazilgan. Lekin bu usul yaxshi samara bermadi. Shunda ota-bobolarimiz qadimiy tajribani qoʻllab, mollarni kecha-kunduz boqib, dasht, choʻl, yaylovlar bilan haydab manzilga yetkazgan.
Ular Qizilqum choʻllaridan oʻtadi, Amudaryoni yoqalab, Borsa-kelmas dashtlari va Volga daryosini kechib, Qalmiq yerlariga qadam qoʻyadi, soʻnggi manzil – Rossiyaning belgilangan tumanlarigacha boʻlgan masofani piyoda bosib oʻtadi. Safar ishtirokchilari bahor, yoz, kuz, qish demay, yomgʻir, qor-qirov, issiq-sovuq kunlarda ham sarhadsiz dashtu biyobonlardan qoʻnim topadi. Ust-boshlari yupun, goh toʻq, goh och holda yoʻl yurib, qariyb oʻn uch oy deganda yetib borgan. Ogʻir, uzoq davom etgan yoʻl azoblaridan omon qaytmay, oʻzga yurtlarda oxirat manzilini topganlar ham boʻlgan. Ana shu olis manzilga poda bilan yurish safari ikki marta uyushtirildi. Uni bajarish “Konimex”, “Nurota”, “Qizilcha”, “Tomdi” kabi xoʻjaliklarning asl mehnatkash, mard choʻponlari zimmasiga tushdi.
Oʻsha kezlarda chorvadorlarning sharoiti ancha ogʻir boʻlgan. Baʼzi fermalar boshqaruvsiz qolgan, chorva bilan shugʻullanish qariyalar va ayollar zimmasiga tushgan edi. Chorva mollari uchun suv quduqlardan ikki xil yoʻl – tuya hamda shamol kuchi bilan chiqarilgan. Shamol boʻlmasa bir chelak suv olib boʻlmagan. Bunday sharoitda qoʻylarni 15-20 kilometr uzoqlikdagi quduqqa haydab borish kerak edi. Chanqagan qoʻy-echkilar haydaganga koʻnmay, oʻzi suv ichib oʻrgangan quduqdan uzoqlashishi bilan yarim yoʻlga borganda orqaga qarab qochib ketardi. Ayollar yosh bolalari bilan yana ming bir qiyinchiliklar bilan ikkinchi bir quduqqa suruvni olib borgani bilan bu yerda ham ish oson koʻchmagan...
Yil davomida yetishtirilgan hosil frontga joʻnatilgani bois choʻl hududlariga koʻp hollarda don mahsulotlari yetkazib berilmagan. Yil ogʻir kelgan vaqtlarda choʻl aholisi qirilib ketmasligi uchun kepak va kunjara tarqatilgan. Shu tariqa odamlar kepak va kunjara aralashmasidan qotirma pishirib kun kechirgan.
Xulosa qilib aytganda, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azobu uqubatdan boshqa narsani koʻrmagan odamlarning koʻpchiligi qiynalib jon berdi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ota-bobolarimiz misli koʻrilmagan azob-uqubatlar va talafotlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qoʻshib, jahon tarixida oʻchmas iz qoldirdi.
Jonibek MUSTAFOYEV,
Navoiy davlat pedagogika instituti
katta oʻqituvchisi.