Fridrix Mers: AQSH Ukraina kelajagiga nisbatan befarq
Kecha Germaniya Bundestagiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Unda g‘olib bo‘lgan Xristian-demokratik va Xristian-sotsial ittifoq birlashmasi yetakchisi Fridrix Mers Germaniyani Ukraina kelajagiga “nisbatan befarq” bo‘lgan AQSHdan mustaqil bo‘lishiga erishish siyosatiga “mutlaq ustuvorlik” berilishini ma’lum qildi.
So‘nggi kunlarda AQSH prezidenti Donald Tramp Vladimir Zelenskiyga qarshi bir qator xavotirli bayonotlar berdi. Tramp uni diktator deb atadi va saylovlarni o‘tkazishdan bosh tortishda aybladi. Uning fikriga ko‘ra, Zelenskiy moliyaviy yordam davom ettirilishini ko‘zlab Rossiya bilan ziddiyatni cho‘zishni istamoqda.
Bunday keskin ayblovlar Rossiya-Ukraina qarama-qarshiligini to‘xtatish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarda na Ukraina, na YeI vakillari ishtirok etttirilmayotgani Yevropa Ittifoqi uchun Donald Trampning siyosati ko‘proq Rossiya manfaatiga xizmat qilayotgandek tuyulmoqda.
AQSH rahbarining bu hatti-harakatlariga Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya davlatlari ochiq qarshilik qilmoqda.
– AQSHning o‘tgan haftada e’lon qilgan bayonotlaridan ko‘rinib turibdiki, Oq uy ma’muriyati Ukraina kelajagiga nisbatan befarq, -dedi Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mers “ARD” telekanaliga bergan intervyusida.
Saylov arafasida Kansler Olaf Shols ham Trampning nizoni to‘xtatish bo‘yicha olib borayotgan hatti-harakatlarini keskin tanqid qilgan edi. Shols voqealarga o‘z xulosasini bildirar ekan, Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish uchun hali ko‘p yo‘l bosib o‘tilishi kerakligini ta’kidladi.
– Biz haligacha o‘t ochishni to‘xtatishdan uzoqmiz va bu ish bo‘ladimi, hali noma’lum, -dedi u “ZDF” telekanaliga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa va Germaniya Ukrainani yolg‘iz tashlab qo‘ymasligi, Kiyev kuchli armiyaga ega bo‘lishi hamda o‘zini himoya qila olishi kerak.
Avvalroq, “Associated Press” axborot agentligi Yevropaning bir qator davlatlari Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik bitimining amalga oshirilishini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida Ukrainaga qo‘shin yuborish rejasi ustida yashirincha ish olib borayotgani haqida yozib chiqqan edi.
OAV xabarlariga ko‘ra, yevropaliklar AQSH prezidenti Donald Trampning mojaroni hal qilish bo‘yicha tutayotgan yo‘lidan xavotirga tushgani sababli, taxminan bir yil avval reja tuza boshlagan, bunda Buyuk Britaniya va Fransiya yetakchilik qilmoqda. Qolaversa, Rossiya tashqi razvedka xizmati matbuot byurosi 2024 yilda G‘arb Ukrainaning jangovar qobiliyatini tiklash uchun 100 mingga yaqin kishidan iborat tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishi haqida ham xabar tarqatgan edi.
S.Rahimov, O‘zA