Fransuz tili o‘qituvchilari malaka oshirdi
Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda fransuz tili fani o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha yangi loyihaga start berdi.
Loyihaning birinchi bosqichida har bir hududdan DALF S1 darajaga ega fransuz tili o‘qituvchilari saralab olindi. Ular fransuz mutaxassislari tomonidan yaratilgan dastur asosida, Toshkent Fransuz Alyansida 3 kunlik trenerlikka tayyorlov kurslarida malaka oshirdi. Darslar Parijning Yangi Sorbonna universiteti faxriy professori Jan-Klod Beakko tomonidan olib borildi.
A.Avloniy milliy-tadqiqot instituti direktori Ayubxon Radjiyev hamda Fransiya elchixonasining ta’lim hamkorligi bo‘yicha mintaqaviy attashesi Serj Bellini ishtirokida qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi.
A.Avloniy milliy-tadqiqot instituti ingliz tili bo‘yicha amalga oshirilgan muvaffaqiyatli loyihalardan so‘ng fransuz tili fani o‘qituvchilari malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, Fransiya davlatining ilg‘or ta’lim muassasalariga stajirovka va xizmat safarlarini uyushtirish, Fransiya elchixonasi hamkorligida maktablardagi fransuz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
B.Meliqulova, O‘zA