Fransiyada suv uchun kurash: hamma aybdor qidiryapti
Fransiyada yilning uchinchi issiq to‘lqini boshlandi. Mamlakatning salmoqli qismi suv tanqisligi xavfi bilan yuzma-yuz kelgan. Rekord darajadagi harorat va yog‘ingarchilik kamayishi suv zaxirasini keskin qisqartirib, mahalliy hokimiyatlarni cheklov choralari joriy etishga majburlayapti.
Ayni payt o‘nlab hududda bog‘ sug‘orish, mashina yuvish va xususiy basseynni to‘ldirish taqiqlangan. Bu qaror ijtimoiy tarmoqda qizg‘in bahs keltirib chiqardi. Fuqarolar ko‘p suv iste’mol qiladigan ma’lumot markazlari, jadal sug‘oriladigan ekin maydoni va eskirgan quvur tarmog‘ini tanqid qilmoqda. Ayrimlar aholidan tejamkorlik talab qilinib, behisob iste’molchilar uchun imtiyoz saqlanib qolayotganini “katta hazil” deb atagan.
Mutaxassislar vaziyat ortida nafaqat qurg‘oqchilik, balki iqlim o‘zgarishi turganini ta’kidlamoqda. Iyun oyida kuzatilgan kuchli issiq oqibatida 2000 dan ko‘p noodatiy o‘lim qayd etildi. Olimlar bunday harorat yarim asr avval, deyarli, kuzatilmasligi, hozirgi favqulodda issiqlik esa global iqlim o‘zgarishining yaqqol oqibati ekanini aytmoqda.

Qurg‘oqchilikning iqtisodiy ta’siri ham kuchaymoqda. Mamlakatdagi eng ko‘p suv talab etadigan ekinlardan biri hisoblangan makkajo‘xori hosili jiddiy zarar ko‘rgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yuqori harorat va yomg‘ir yetishmasligi tufayli hosilning qariyb uchdan bir qismi boy berilishi mumkin. Shu bilan birga, ayrim atom elektr stansiyalari daryodagi suv harorati ko‘tarilishi sababli, ishini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mamlakatning 96 materik hududidan 84 tasida suvdan foydalanish bo‘yicha turli cheklov amal qilmoqda. Yer osti suv zaxirasining 77 foizida pasayish qayd etilgan. Sinoptiklar yaqin haftalarda salmoqli yog‘ingarchilik kutilmayotganini bildirgan. Shu bois Fransiya nafaqat navbatdagi issiq yoz, balki suv resurslarini saqlab qolish bo‘yicha muhim sinovni ham boshdan kechirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA