Fransiya parlamenti delegatsiyasi uchrashuvlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida Fransiya Milliy assambleyasi deputati, Milliy assambleyadagi “Fransiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Filipp Mene rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida Fransiya Milliy assambleyasi deputati, Milliy assambleyadagi “Fransiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Filipp Mene rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov O‘zbekiston va Fransiya hamkorligi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Fransiya parlamenti vakillari, “Fransiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi a’zolari yurtimizda o‘tkaziladigan xalqaro anjumanlarda muntazam ishtirok etmoqda.
Fransiya parlamenti delegatsiyasi a’zolari Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” barqaror rivojlanishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosatini, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Savdo sohasida O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf etish, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, iqtisodiyot, fan-texnika, madaniyat va havo transporti sohalariga oid bitimlar o‘zaro aloqalar rivojiga xizmat qilmoqda. Mamlakatlarimiz makroiqtisodiyot, moliya, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni boshqarish uchun kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ham samarali hamkorlik qilmoqda. Yurtimiz olimlari fransiyalik mutaxassislar bilan birgalikda quyosh energiyasini o‘rganish, yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, seleksiya kabi sohalarda tadqiqotlar olib bormoqda.
– Fransiya O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va yanada kengaytirishga katta e’tibor qaratmoqda, – dedi Filipp Mene. – O‘zbekiston va Fransiya ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish borasida ulkan salohiyatga ega. Aloqalarimizni yanada ravnaq toptirish, o‘zaro manfaatli yangi qo‘shma dasturlarni amalga oshirish niyatidamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston va Fransiya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashishga doir masalalar muhokama etildi.
Fransiya delegatsiyasi a’zolari Oliy Majlis palatalari faoliyati, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bilan tanishtirildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.