O‘zbekiston – Fransiya munosabatlari 2022 va 2023 yillardagi oliy darajadagi uchrashuvlardan so‘ng yangi bosqichga chiqdi. Ikki davlat rahbarlari imzolagan bitimlar ishga tushgach, o‘zaro tovar aylanmasida keskin o‘sish ro‘y berdi. Masalan, chorvachilik sohasida O‘zbekistonga Fransiya taraqqiyot agentligining uzoq muddatli, imtiyozli 100 mln yevro krediti ajratildi. Farg‘ona viloyatida o‘tgan yili shu kredit asosida o‘nga yaqin loyiha amalga oshirildi.
Farg‘ona shahridagi “STATUS SOFT” oilaviy korxonasida zax qochirish uchun o‘rnatilgan tik quduq suvidan foydalanib forel balig‘i boqish va uni zarur jihozlar bilan ta’minlash uchun Fransiya kredit mablag‘i jalb etildi.

– Forel baliqlarini yetishtirish dastgohlarini sotib olish uchun 1 milliard 50 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i oldik, – deydi oilaviy korxona rahbari Umidjon Madaminov. – Forel balig‘ining suvdagi kislorodga bo‘lgan talabi katta. Kislorod miqdori 1 litr suvda 7,5 milligrammdan kam bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun kislorod ishlab chiqaradigan va suvni zararsizlantiradigan dastgohlar sotib olganmiz.
Umidjon Madaminov dastlab uchta havzada ish boshladi. Buning uchun Namangandagi tik quduq suvida va Norin daryosi bo‘yida forel balig‘i boqayotgan fermer hamda tadbirkorlar bilan uchrashib, ulardan maslahat oldi, tajribalarini o‘rgandi. Mana endi u tashlagan urug‘lar katta baliqlarga aylanyapti. Buni ko‘rgan farg‘onalik boshqa tadbirkorlar ham Fransiya kreditiga qiziqib qoldilar.

– 2025 yilda Fransiya taraqqiyot agentligidan 100 milliard so‘mdan ortiq kredit olish uchun rejalar belgilab olindi, – deydi Fransiya taraqqiyot agentligi loyihasining Farg‘ona viloyatidagi koordenatori Sanjarbek Ergashev. – Joylarda biz fermer va tadbirkorlar bilan uchrashib, ularga Fransiya taraqqiyot agentligi kredit liniyasining imtiyozlari, 7-10 yilga mo‘ljallanganligi, shu bilan birga foiz stavkalarining pastligi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdamiz.
Umidjonning rejalari katta. U faoliyat ko‘rsatmayotgan issiqxona o‘rnida kattagina baliq boqish havzalar majmuasini qurdi.

– 2 000 kvadrat metrga 30 dona hovuz qurganmiz. Havzalarning suv hajmi 1500 kub metrni tashqil kiladi. Maqsadimiz har bir kub metrda 50 kilogram forel balig‘ini yetishtirish, – deydi Umidjon Madaminov.
Fransiya taraqqiyot agentligi kreditlarining yana bir jozibador tomoni bor. Bu kreditlar nafaqat imtiyozli, uzoq muddatli va kam foizli, balki muvafaqqiyatli amalga oshirilsa, bir qismi grantga aylanishi ham mumkin.

Parrandachilikni tashkil etgan yoki baliqchilikni yo‘lga qo‘ygan, go‘sht, sut mahsulotlarini qayta ishlashga sarmoya kiritayotgan fermerlarga biriktirilgan loyihalarga olingan kreditlarning ma’lum qismini grant tariqasida qaytarib berish kabi amaliyot yo‘lga qo‘yildi.
Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga davlat tashrifi bilan bordi. Tashrif natijalaridan farg‘onalik tadbirkorlar ham umidvor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Fransiyaga tashrifi chog‘ida tadbirkorlar faoliyatini yanada rivojlantirish yo‘lida yangi shartnomalar imzolashiga umid qilib qolamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/leFd4OYFfiY" title="Frantsiya krediti asosida baliq parvarishlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA muxbirlari