Fransiya kompaniyasi bilan strategik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Fransiyaning dunyoga mashhur "Bureau Veritas" kompaniyasi vitse-prezidenti Karin Kutrovski boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, texnik jihatdan tartibga solish tizimini modernizatsiya qilish hamda mahsulotlar va xizmatlarning xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida muvofiqlikni baholash, sertifikatlashtirish va sinov infratuzilmasini rivojlantirish sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar xalqaro tajribani keng joriy etish va ilg‘or amaliyotlarni O‘zbekiston tizimiga tatbiq qilish muhimligini ta’kidladi.
Ayniqsa, mamlakatda joriy etilayotgan yangi milliy muvofiqlik belgisi – “Conformity Uzbekistan” (CUz) tizimi alohida muhokama markazida bo‘ldi. Ushbu tizim mahsulotlarning ISO, EN, IEC, ASTM va ASME kabi xalqaro standartlarga mosligini baholashda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining CE markirovka tizimi bilan uyg‘unlashuv masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu esa O‘zbekiston mahsulotlarining tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda nafaqat texnik reglamentlar, balki inson kapitali masalasi ham muhokama qilindi. Jumladan, sifat menejmenti tizimlarini sertifikatlashtirish, mutaxassislar malakasini oshirish va xalqaro standartlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, zamonaviy sinov laboratoriyalarini tashkil etish masalasi ham dolzarb yo‘nalish sifatida qayd etildi. Bu laboratoriyalar orqali mahsulotlarning xavfsizligi va sifatini yuqori darajada tekshirish imkoniyati yaratiladi.
Muzokaralar yakunida bolalar o‘yinchoqlari, past voltli uskunalar, bosim ostida ishlaydigan qurilmalar hamda shaxsiy himoya vositalarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Shuningdek, tomonlar o‘zaro hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib oldi. Bu hujjat kelgusida loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirishda muhim dasturiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
“Bureau Veritas” kabi nufuzli xalqaro kompaniya bilan hamkorlikning kengayishi O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish tizimini yangi bosqichga olib chiqish, mahsulotlar sifati va xavfsizligini oshirish hamda eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA