Fransiya 15 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
Fransiya parlamenti 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Shu tariqa mamlakat Yevropa Ittifoqida (YeI) bunday umumiy cheklovni qonun darajasida qabul qilgan birinchi davlatga aylandi. Hujjat Emmanuel Makronning ikkinchi prezidentlik muddatidagi eng muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Qonun loyihasini parlamentning har ikki palatasi qo‘llab-quvvatladi. Hujjatga muvofiq, maktab o‘quvchilari uchun mobil telefonlardan foydalanishga oid cheklovlar ham kuchaytirilmoqda. Makron yangi tartibni sentabr oyida boshlanadigan o‘quv yilidan amalga kiritishni istamoqda. Hujjat avval Fransiya konstitutsiyasiga muvofiqligi yuzasidan huquqiy ekspertizadan o‘tishi kerak, bu esa uning kuchga kirishini kechiktirishi mumkin.
Mazkur tashabbus o‘lka parlamentida birdek qo‘llab-quvvatlanmadi. Faqat so‘l qanotdagi “Bo‘ysunmas Fransiya” (La France Insoumise) partiyasi unga qarshi ovoz berdi, sotsialistlar esa betaraf qoldi. Ularning fikricha, butun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash o‘rniga bolalar uchun xavfli bo‘lgan funksiyalarni cheklash samaraliroq yechim bo‘lishi mumkin.
Bolalarning raqamli platformalardan foydalanishini cheklash masalasi Yevropaning boshqa davlatlarida ham kun tartibiga chiqmoqda. Gretsiya, Sloveniya va Shvetsiya shunday choralarni tayyorlayotgan bo‘lsa, Ispaniya yosh chegarasini 16 yosh, Avstriya esa 14 yosh etib belgilashni muhokama qilmoqda. Shu bilan birga, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen bolalarning yoshiga qarab bosqichma-bosqich kirish tizimini joriy etish, shuningdek, kichik yoshdagi bolalar uchun ekranlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha takliflar yozdan keyin taqdim etilishini ma’lum qildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA