Fotoreportaj: Toshkentning mashhur kurantlari qachon qurilgan?
Poytaxt markazidagi meʼmoriy majmua – Toshkent kurantlari Ikkinchi jahon urushida fashistlar ustidan qozonilgan gʻalabaning 2 yilligi sharafiga ochilgan, yaʼni 1947-yilning 9-mayidan bong ura boshlagan.
Poytaxt markazidagi meʼmoriy majmua – Toshkent kurantlari Ikkinchi jahon urushida fashistlar ustidan qozonilgan gʻalabaning 2 yilligi sharafiga ochilgan, yaʼni 1947-yilning 9-mayidan bong ura boshlagan.
Minora ustidagi soat mexanizmini Belorus frontida jang qilgan toshkentlik soatsoz usta Aleksandr Ayzenshteyn Sharqiy Prussiyaning Allenshteyn (hozirgi Polshaning Olshtino) shahridan keltirgan. Bir guruh soatsoz ustalar ushbu mexanizmni 4 siferblatli qilib minora ustigaoʻrnatgan. Minoraning balandligi 28,7 metr, oʻlchovi 4,1x4,1 metrdan iborat. Binoning qurilishiga meʼmorA.Muhammedshin va bosh muhandis V.Levchenko boshchilik qildi. Kurant mashhur ganch ustasi, rassom-naqqosh, meʼmor, Oʻzbekiston fanlar akademiyasi aʼzosi Usta Shirin Murodovning faol ishtiroki bilan oʻziga xos uslubda bezatilgan.
1966-yilgi zilzila natijasida minora soati buzilgan. Lekin tez fursatda sozlanib, ishga tushiriladi. Kurant 1991, 1992 va 2009-yillarda qayta taʼmirlangan.
2009-yilning may oyida “Oʻzbekiston” anjumanlar saroyi va Toshkent kuranti oraligʻida yangi kurant qurildi. Ushbu kurant minorasi uchun soat mexanizmi Shveysariyadan olib kelingan.
Toshkent kurantlari shahar meʼmoriy ansamblining Amir Temur xiyobonidagi tarkibiy qismidir. Toshkent kurantlari qurilishida milliy meʼmorlik va amaliy bezak sanʼati anʼanalari qoʻllanilgan. Fozgʻon marmari bilan qoplangan va bronzadan ishlangan metall qismlari oʻzaro uygʻunlashgan. 2009-yilda har ikkala kurantning old qismiga Toshkent gerbi tasviri oʻrnatilgan.
Toshkent kurantlari har chorak, yarim va bir soatda bong urib turadi.