FOTOREPORTAJ: Quvalik mirishkorlar
Quva - Fargʻona viloyatining tobora chiroy ochayotgan tumanlaridan.
Quva - Fargʻona viloyatining tobora chiroy ochayotgan tumanlaridan. Quvadagi mahalla va qishloqlarda koʻrkam ijtimoiy inshootlar, yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlari, savdo majmualari, zamonaviy turar-joylar qad rostlamoqda. Tarixiy majmualar obodonlashtirilmoqda.
Hududda amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar samarasida qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Aholi farovonligini taʼminlashda, ayniqsa, tomorqachilik rivojiga katta eʼtibor qaratilgan. Xususan, koʻplab oilalar shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarida koʻchatchilik, qulupnay, gilos, oʻrik va boshqa mahsulotlar yetishtirish bilan shugʻullanadi. Hududda faoliyat yuritayotgan fermer xoʻjaliklari esa paxta va don yetishtirish bilangina cheklanib qolmay, bugʻdoydan boʻshagan maydonlarda turli xil sabzavot yetishtirmoqda. Bu ichki bozorni sarxil va sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish, shuningdek, ularni qayta ishlash va eksport qilish imkoniyatini kengaytirmoqda. Shuningdek, tumanda 27 ta zamonaviy muzlatgich faoliyat koʻrsatmoqda.
13 ming gektardan ziyod bogʻ va sabzavot yetishtiriladigan maydonlarda quvaliklar bugun oʻzining mehnatsevarlik, mirishkorlik fazilatlari bilan yurtimiz farovonligiga munosib hissa qoʻshmoqda. Xususan, tumanda anorchilikni rivojlantirish hamda uning eksportini yoʻlga qoʻyish borasida namunali ish olib borilyapti. Ayni kunlarda esa bogʻ va aholi tomorqalarida gilos pishgan boʻlib, halol mehnatning barakali mahsuli oʻz xaridorlariga yetkazib berilmoqda.




