FOTOREPORTAJ: Doston Yoqubov - Jahon chempioni!
Bugun og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida vakillarimiz Adhamjon Ergashev va Doston Yoqubov -67 kg. vazn toifasida supachaga chiqdilar.
Dast ko‘tarish mashqida biroz omadi chopmagan Adhamjon Ergashev siltab ko‘tarishda ishonchni oqladi. Namanganlik atletimiz ikkinchi urinishda 174 kg.ni o‘ziga bo‘ysundirdi, ammo oxirgi chiqishda 177 kg. shtanga birozgina og‘irlik qildi. Shunday bo‘lsada, Adhamjon Ergashev siltab ko‘tarish mashqida shohsupaga ko‘tarilib, jamoamizga bronza medalini taqdim etdi (ikki kurashda 308 kg.). Ikki kurashda esa sportchimiz 6-pog‘onani band etdi.
Eng quvonchli voqea esa biroz keyinroq yuz berdi. Nafaqat siltab ko‘tarish mashqi balki ikki kurash natijasi bo‘yicha ham g‘oliblik uchun kurashda Doston Yoqubov uchala imkoniyatidan ham unumli foydalandi va 180 kg. natija qayd etdi.
Siltab ko‘tarish mashqida hamyurtimiz bilan oxirigacha kurashgan Moskera yakunda taslim bo‘ldi. Balki 181 kg. vazn, balki tribunalardagi muxlislarimizning Yoqubovni qo‘llab-quvvatlashi Fransisko Antonio Moskera uchun "og‘irlik" qildi. Oqibatda, Toshkent viloyati vakili Yoqubov (324 kg.) 2 ta oltin va 1 ta kumush medalga ega chiqdi.
[gallery-5032]
Sovrindor sportchilarimizni va barcha yurtdoshlarimizni jahon chempionatidagi g‘alabalar bilan muborakbod etamiz!
Kattalar o‘rtasida jahon chempionati
Erkaklar, -67 kg.
1. Doston Yoqubov (O‘zbekiston) – 324 kg (144+180),
2. Fransisko Antonio Moskera (Kolumbiya) – 316 kg (137+179),
3. Zulfat Garayev (Rossiya) – 315 kg (146+169),
6. Adhamjon Ergashev (O‘zbekiston) – 308 kg (134+174).
Muhammad AMIN (surat), O‘zA