Fotojurnalistlarimiz nigohidagi Hindiston
O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida taniqli foto ijodkor Hotam Mamadaliyevning «Hindiston o‘zbek fotojurnalistlari nigohida» nomli ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Ushbu ko‘rgazma Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi, La’l Bahodur Shastri nomidagi hind madaniyati markazi, O‘zbek-Hind turizm assotsiatsiyasi, Axsikent arxeologiya parki va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov, «O‘zbekiston tarixi» telekanali direktori Shuhrat Hayitov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Xalqaro axborot tahririyati bosh muharriri G‘ayrat Xonnazarov va boshqalar keyingi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy aloqalar yangicha rivojlanish bosqichiga chiqayotganini, ayniqsa, madaniyat, biznes, sayyohlik borasida o‘zaro munosabatlarning yangi istiqbollari uchun keng yo‘l ochilayotganini alohida ta’kidladi.
Xalqlarimiz boburiylar merosi, ularning Hindiston madaniyatidagi o‘rni haqida faxrlanib gapiradi. Ayni paytda mazkur ijodiy ko‘rgazma buyuk hind shoiri Rabindranat Tagor tavalludi arafasida o‘tayotgani ham ma’rifiy aloqalarimiz mushtarakligidan darak beradi.
[gallery-17204]
– Xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar qadim tarixga ega, – dedi Hindiston elchisining maslahatchisi Arif Said. – Hozirgi kunda bu munosabatlar yanada ravnaq topib bormoqda. Ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni tobora rivojlantirishda bunday ko‘rgazmalarning ahamiyati katta. Muallif Hindistonning barcha shtatlariga borib, taassurotlarini obyektivga o‘ziga xos tarzda muhrlagani diqqatga sazovor. Ayni paytda o‘zbek fotografining Rabindranat Tagor shaxsiga munosabati, hurmati va ehtiromi ham mazkur ko‘rgazmadan o‘rin olgan suratlarda aks ettirilgan.
– Men Bobur va boburiylar tarixiga qiziqqanim bois, Hindiston bilan bog‘liq ma’lumotlarni sinchiklab o‘rganaman, – dedi «O‘zbekiston tarixi» telekanali direktori Shuhrat Hayitov. – Ushbu ko‘rgazma o‘zbekistonliklarning Hindiston haqidagi tasavvurlarini yanada boyitishga xizmat qiladi.
– Hind xalqi azaldan o‘zbeklar bilan juda iliq, yaqin va samimiy munosabatda bo‘lgan, – dedi Hotam Mamadaliyev. – Hindistondan Malika Narang ismli qiz Namanganda bo‘lib o‘tadigan «Gullar festivali» va boshqa madaniy tadbirlarda faol ishtirok etadi. O‘zbekistonga mehri baland bo‘lgan qiz xonadonimizda ham mehmon bo‘lgan. Hindistonga safar qilishimizda ham qaysidir ma’noda shu qiz sababchi bo‘lgan. Ko‘rgazmadagi suratlar o‘zbek tomoshabinlarining Hindiston, uning buyuk ijodkori Rabindranat Tagor haqidagi tasavvurlarini boyitish va kengaytirishga xizmat qiladi, deb umid bildiraman.
Aytish kerakki, 2023-yilning noyabr-dekabr oylarida Axsikent arxeologiya parki vakillarining bir oylik Hindiston safari taassurotlarga juda boy bo‘ldi. Axsikent arxeologiya parki vakili Anvar Ikrom va O‘zA fotomuxbiri Hotam Mamadaliyev Dehli, Agra, Jaypur, Mumbay, Chandigarh va yana o‘ndan ortiq shaharlarda bo‘lishdi. Safar davomida uchrashuvlar, muloqotlar, hind xalqi hayotini fotograf Hotam Mamadaliyev tasvirga muhrladi. Mazkur ko‘rgazmani ham fotomuxbirimizning hind diyoriga safaridan sarhisob, deyish mumkin.
Hotam Mamadaliyev ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAda samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. U bir qator dolzarb fotoreportajlar, tahliliy fotolavhalar muallifi bo‘lishi bilan birga turli xorijiy mamlakatlarga qilgan sayohatlariga doir ko‘rgazmalari bilan nom qozongan. Maftunkor diyor – Hindistonni o‘zbek fotoijodkori H.Mamadaliyev nigohi bilan ko‘rishga imkon beruvchi ushbu ko‘rgazma tomoshabinlarga manzur bo‘lmoqda.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA