FOTOGALEREYA: Jizzax viloyati – taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lida
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
«Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va
kelajak yaratamiz!»
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida Jizzax viloyati mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston islohotlari eng jadal amalga oshirilayotgan hududlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Keyingi yillarda viloyat iqtisodiyoti tarkibiy jihatdan yangilanib, agrar hududdan sanoat, xizmat ko‘rsatish va zamonaviy agroklasterlar rivojlangan zaminga aylandi. To‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati va turizm sohalari yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalariga aylandi. Buning natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi, eksport ko‘rsatkichlari va investitsiyalar izchil oshib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida ham keng qamrovli yangilanishlar amalga oshirildi. Zamonaviy agroklasterlar, intensiv bog‘lar, kartoshkachilik, chorvachilik va urug‘chilik yo‘nalishlari rivojlantirilib, suv tejovchi texnologiyalar hamda yuqori hosildor navlar joriy etilmoqda. Tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan dasturlar aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
[gallery-30900]
Jizzax viloyatida investitsiya muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biriga aylangan. So‘nggi yillarda yuzlab sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushirilib, mahalliy hamda xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida yangi korxonalar tashkil etildi. Bu esa eksport salohiyatini yuksaltirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Ijtimoiy sohada ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot ob’ektlari, sport inshootlari va madaniyat maskanlari barpo etilmoqda. Zamonaviy uy-joylar qurilishi, ichimlik suvi, elektr, gaz va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Turizm sohasi ham Jizzax iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biriga aylandi. Zomin milliy tabiat bog‘i, Zomin va Baxmal tog‘li hududlari, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda Forish tumanining betakror tabiati asosida zamonaviy turistik majmualar, mehmonxonalar va servis ob’ektlari tashkil etilmoqda. Ekoturizm, ziyorat turizmi va oilaviy dam olish yo‘nalishlari kengayib, viloyatning turistik jozibadorligi yil sayin oshib bormoqda.
Bugungi kunda Jizzax viloyatida «Inson qadri uchun» tamoyili asosida mahallalarni kompleks rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, raqamli xizmatlarni kengaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu ezgu ishlar mustaqillik yillarida erishilgan ulkan yutuqlarni yanada mustahkamlab, Jizzax viloyatining iqtisodiy qudrati, investitsiyaviy salohiyati va aholi farovonligini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA