Forumdagi suhbatlar esda qolarli bo‘ldi
Nima kamchilik bor?
Nima kamchilik bor? Uni mana bu yo‘l bilan hal qilamiz, yaxshi taklif bilan chiqing, qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish bizdan, deya so‘z boshlagan jamiyat raisiga yoshlar kompyuterlarni yangilash, kutubxona, sport maydoni, o‘quv kurslari tashkil etish, hududlarda tajriba almashish kabi istaklarini aytishdi. Ularga ijobiy yechim topishga va’da berildi.
“O‘ztransgaz” axborot xizmatidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu muloqot Bo‘stonliq tumanidagi Ugam oromgohida Respublika Yoshlar forumida bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimi korxonalaridan 100 nafarga yaqin yosh xodim va mutaxassis ishtirok etdi. “Yuksak ma’naviyatli yoshlar – yurt tayanchi” deb nomlangan forumda kreativ qarashlari bilan ibrat bo‘layotgan faol yoshlar vakilining IT tarmog‘idan to‘g‘ri va samarali foydalanib ish yuritish haqidagi chiqishi, mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlar qiziqarli bo‘ldi.
Forumda avval tizimda kuzatilmagan jihat - “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruviga joriy yil iyul oyida tayinlangan U.Sayidovning yoshlar bilan bevosita muloqoti e’tiborli bo‘ldi.
Ayniqsa, bir qator mutaxassislarning hayotiy misollarga tayanib “Yoshlar korrupsiyaga qarshi” mavzuidagi suhbatlari esda qolarli bo‘ldi. Tadbir musiqiy daqiqalar bilan ko‘tarinkilik kasb etdi. Forum doirasida o‘tkazilgan futbol musobaqasida “O‘ztransgaz”ning amaldagi chempioni “Urganchtransgaz” jamoasi bu gal ham muxlislar mehrini qozondi.
G‘oliblar taqdirlandi. Kelgusida hududlarda shunday uchrashuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.