Forum yoshlarga jo‘shqin kayfiyat bag‘ishladi
“Iqtidor” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tayotgan Yoshlar forumi Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Zomin” bolalar oromgohida davom etmoqda.
Mamlakatimizdagi 17 ta Mehribonlik uyi va 4 ta bolalar shaharchasining bitiruvchi tarbiyalanuvchilari ishtirok etayotgan loyiha davomida turli mavzudagi seminar-treninglar, “Quvnoq startlar” musobaqalari, intellektual o‘yinlar hamda madaniy dasturlar tashkil etilmoqda. Bular o‘g‘il-qizlarning intellektual salohiyatini, qiziqishini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
– Yoshlar forumi ishtirokchi o‘g‘il-qizlarimizga har jihatdan ko‘tarinki kayfiyat, jo‘shqinlik, yorqin umid bag‘ishlayapti, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat kengashi raisi Shohida Damanova. – Ishtirokchilar turli soha vakillaridan zarur maslahat va ko‘nikmalarni olishyapti. Tadbirkorlik, hunarmandchilik, ayniqsa, kasanachilik, tikuvchilik yo‘nalishiga qiziquvchi yoshlarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvatlash, ularning kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida master-klasslar o‘tkazilyapti. “Anor atele” rahbari, dizayner Dilnoza Umrzoqova tomonidan yaratilgan liboslar namoyishi bu yo‘nalishga qiziqqan yoshlarda katta taassurot uyg‘otdi.

Shuningdek, tadbirlar davomida Davlat test markazi mas’ul xodimlari Mehribonlik uylari bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrovini oshirish, ularning ta’lim olishini rag‘batlantirish, davlat tomonidan ular uchun ajratilgan imtiyozli qabul kvotalari haqida ma’lumotlar, ishtirokchilarning oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish tartiblari va imtihon topshirish qonun-qoidalari bilan bog‘liq savollariga javoblar berishdi.
Imona Ro‘ziqulova,
Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 14-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi:
– Ushbu yoshlar forumida ishtirok etib, kelajakka bo‘lgan ishonchim, orzu-maqsadlarim sari intilish istagi yanada ortdi. Bo‘sh vaqtlarimda badiiy kitoblar o‘qish bilan mashg‘ul bo‘laman. Kelgusida jurnalist bo‘lishni maqsad qilganman. Shu maqsadim yo‘lida bor kuchim bilan harakat qilyapman. Forum doirasidagi muloqotlar davomida oliy ta’lim muassasalariga kirishda davlat tomonidan biz uchun ajratilgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Shu ma’noda aytishim mumkinki, ilk marta o‘tkazilayotgan “Iqtidor” loyihasi bizni yanada ruhlantirdi.
Behruz Amirov,
Bo‘ka tumanidagi 15- Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi:
– Bolaligimdan texnikaga qiziqaman. O‘zimcha nimalarnidir buzib-tuzish doimiy odatimga aylangan. Kelgusida shu yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatim bor. “Zomin” bolalar oromgohi menga juda yoqdi. Bu yerda ko‘plab do‘stlar orttirdim. Forum doirasida tashkil etilgan stol tennisida g‘olib bo‘ldim. Bu kabi tadbirlar bizni yanada ruhlantirib, kelajakka bo‘lgan umidimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA