Forum: "Yosh oilalar va qizlar"
Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi Yoshlar markazida 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Yosh oilalar va qizlar” forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkor, hunarmand qizlarning qo‘l mehnati namunalari, kitobxon, yosh ixtirochi, olima talaba qizlarning ilmiy loyihalari ko‘rgazmalari namoyish etildi.Forumda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Manzura Salimova, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuhammedova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi Zulfiya Mo‘minova, Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Hayotxon Ortiqboyeva ishtirok etdi.

- Sirdaryoning bilimli, shijoatli va intiluvchan qizlari ulkan yutuqlarga erishmoqda, - deydi G‘ofurjon Mirzayev. – Amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qizlarimizning har tomonlama yetuk va barkamol shaxslar sifatida ulg‘ayishlari uchun barcha shart-sharoit, imkoniyat va imtiyozlarni yaratib berish, ularning har bir sohadagi qiziqishlarini yanada rag‘batlantirish, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tengdoshlari o‘rtasida hamkorlik va tashabbuskorlik muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni jahon hamjamiyati ham e’tirof etmoqda.

Forum doirasida o‘tkazilgan “Men ham tadbirkor bo‘laman!”, “Kitob o‘qish oiladan boshlanadi”, “Kitobxon qiz”, “Yangi O‘zbekistonda qadriyat ulug‘”, “Kim nimaga qodir” aksiyalari, xonatlas festivali, “To‘maris avlodlari”, “Yosh sportchi qizlar”, “Yashil maydon malikalari” turkum sport musobaqalari, “Eng mohir pazanda qiz”, “Vatan mening yuragimda”, “Xalqlar do‘stligi”, “O‘zbekiston - jannatmakon yurt” kabi targ‘ibot tadbirlarida qizlar iqtidor va mahoratini namoyish etdi.
Shuningdek, «Qizlarjon klubi» hamda «Bibixonim maktabi»ning amaliy mashg‘ulotlari tashkil etildi. Uchrashuvda qizlar uchun zarur ma’lumotlar, o‘qish va hayotda o‘z o‘rnini topish, shuningdek, oilaviy munosabatlarni shakllantirishda kerak bo‘ladigan muhim jihatlar haqida so‘z yuritildi.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA