“Xitoy-Markaziy Osiyo matematiklari” forumi ikkinchi marotaba 9-10 oktyabr kunlari yurtimizdagi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida bo‘lib o‘tdi. Forumda Xitoy va Markaziy Osiyoning ko‘zga ko‘ringan olimlari, akademiklar, yosh olimlar, doktorant va tayanch doktorantlar, talaba va magistrlar ishtirok etdi.
Forumda taniqli matematik Filds medali sovrindori Yefim Zelmanov hamda Xitoy va Markaziy Osiyodan tashrif buyurgan akademiklar hozirgi kundagi matematik analiz, algebra, funksional analiz xamda differensial tenglamalar kabi ko‘plab mavzularda muhokama qilindi.

Tadbirda ishtirok etgan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov hozirgi kunda yurtimizda ilm-fan rivoji uchun qilinayotgan ishlar va ilm ahliga yaratilayotgan imkoniyatlar xususida to‘xtaldi.
Yurtimizda matematika fanini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilayotgani, O‘zbekiston matematiklarining Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari matematiklari bilan hamkorligini yanada rivojlantirish uchun vazirlik barcha imkoniyatlarni yaratishi, qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari O‘rta Osiyo va Xitoyning ko‘zga ko‘ringan maktablarining rivojlanish tarixi va ularning istiqbollari to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.
Forum Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari matematiklari orasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Yosh olimlarni Xitoyning yetakchi ilmiy markazlariga borib malaka oshirish va ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun imkoniyatlar yaratadi.
N.Rahmonova, O‘zA