«FORMULA 35» — ilm-fan va kashfiyotlar maydoni
Poytaxtimizdagi Toshkent Botanika bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari ishtirokida «FORMULA 35» ilm-fan festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir yoshlarning ilm-fanga qiziqishini oshirish, zamonaviy ilmiy yutuqlarni keng jamoatchilikka tanishtirish hamda yoshlarni ilmiy izlanishlarga rag‘batlantirishga qaratildi.
Festival an’anaviy ko‘rgazmalardan farqli ravishda ishtirokchilarga ilmiy tajribalarni bevosita kuzatish, ularda qatnashish, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish va yangi kashfiyotlar olami bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Tadbir doirasida Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan 9 ta interaktiv ilmiy maydon tashkil etildi. Ularda kimyo, astronomiya, matematika, biologiya, antropologiya, inson salomatligi, lazer va plazma texnologiyalari, dorivor o‘simliklar, adabiyot va multimedia yo‘nalishlarida qiziqarli tajribalar, ko‘rgazmali namoyishlar hamda viktorinalar o‘tkazildi.
Ayniqsa, kimyoviy tajribalar, rangli reaksiyalar, mikroskop orqali tirik organizmlarni kuzatish, matematik boshqotirmalar va mantiqiy topshiriqlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar teleskop yordamida osmon jismlarini kuzatish, inson organizmi va immun tizimiga oid ma’lumotlar olish, lazer va plazma hodisalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Festival davomida olimlar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislar ishtirokchilar bilan bevosita muloqot qilib, ilmiy izlanishlar, zamonaviy texnologiyalar va ularning kundalik hayotdagi ahamiyati haqida tushunchalar berdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, turli amaliy mashg‘ulotlarda faol qatnashdi.
[gallery-32117]
Tadbir yakunida tashkil etilgan ilmiy viktorinalar va interaktiv tanlovlar ishtirokchilarning bilim va zukkoligini sinovdan o‘tkazishga xizmat qildi.
«FORMULA 35» fan festivali ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish, yoshlarda tadqiqotchilikka qiziqish uyg‘otish hamda ilm-fan va jamiyat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Muhammad AMIN (curat), O‘zA