Forishda yana 3 ta yangi bogʻcha ish boshladi
Jizzax viloyati Forish tumanining Xonbandi shaharchasida 75 oʻrinli davlat sherikchilik asosida barpo etilgan yangi maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi.
Jizzax viloyati Forish tumanining Xonbandi shaharchasida 75 oʻrinli davlat sherikchilik asosida barpo etilgan yangi maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi.
– Prezidentimizning maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, ayniqsa, chekka qishloq tumanlariga berayotgan eʼtiboridan biz, ota-onalar behad mamnunmiz, – deydi Asolat Yangiboyeva. – Shu eʼtibor tufayli mahallamizda zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi barpo etildi. Yangi muassasada bolalarni har tomonlama barkamol tarbiyalash, maktabga tayyorlash uchun barcha sharoitlar bor. Endi xuddi shaharlardagidek, bizning bolalarimiz ham ingliz, rus tillarini, musiqa va rasm chizishni oʻrganishadi.
Shu kuni tumandagi yana bir maktabgacha taʼlim muassasasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Koʻhnabozor, Uchquloch qishloqlaridagi oʻtgan asrning 50-yillarida qurilib, foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolgan maktabgacha taʼlim muassasalari inshootlari rekonstruksiyadan soʻng foydalanishga topshirildi. Har ikki qishloq ham 150 oʻrinli zamonaviy muassasalarga ega boʻldi.
– Tuman markazini hisobga olmaganda hududimizdagi 110 qishloqning birortasida maktabgacha taʼlim muassasasi yoʻq edi, – deydi tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri Muqaddas Islomova. – Prezidentimizning 2016-yil 29 dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilgandan soʻng oʻtgan ikki yil ichida 55 ta oilaviy, 3 ta davlat sherikchilik asosida taʼlim muassasalari barpo etildi. 11 ta davlat maktabgacha taʼlim muassasasi qayta rekonstruksiya qilindi. Qishloqlardagi 5 ta kollej binosi maktabgacha taʼlim muassasasiga aylantirildi. Natijada bolalarni maktabgacha qamrab olish darajasi 60,1 foizga yetdi. Bu yoʻnalishdagi ishlar yangi yilda ham izchil davom ettiriladi.
Viloyatda 2019-yilda 558 ta, shundan 9 ta davlat, 30 ta davlat-xususiy sheriklik, 517 ta oilaviy va 2 ta xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etildi.
Maktabgacha taʼlim muassasalarining viloyatdagi jami soni 800 taga yetdi. Ularning 192 ta davlat, 37 ta davlat-xususiy sheriklik, 556 ta oilaviy va 15 ta xususiy maktabgacha taʼlim muassasalaridir.
Viloyatda 3-6 yoshli bolalarning 59,6 foizi davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olingan. 2019-yil boshiga nisbatan bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrov darajasi 27,7 foizga oʻsdi.
Oʻtayotgan yilda maktabgacha taʼlim muassasalariga 26 turdagi umumiy summasi 1 milliard 608 million soʻm boʻlgan 8 ming 440 dona jihoz, 335 million 103 ming soʻmlikdan ortiq 109 turdagi 3 ming 457 dona oʻyinchoqlar, 35 turdagi 21 ming 780 dona oʻquv-uslubiy qoʻllanma va tarqatma materiallar yetkazib berildi.