Firibgarlarning rejasi amalga oshmadi
Haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Buxoro shahar Gulchorbog‘ mahallasida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro K.A. mahalladoshi 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro B.D. bilan oldindan jinoiy til biriktiradi. Natijada bir guruh bo‘lib, boshqa bir fuqaroni aldab, uning ishonchiga kirishadi. Vakolatli tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga 400 AQSH dollari talab qiladi.
2023 yil 19 may kuni Buxoro viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxslar talab qilingan pullarni olayotgan vaqtida ushlanadi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA