Firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmang
Keyingi paytda firibgarlarning tuzog‘iga tushib, plastik kartadagi mablag‘ini yo‘qotayotgan fuqarolar soni ortmoqda. Shu bois plastik karta bilan bog‘liq holatlarda hushyorlikni oshirish davr talabiga aylangan.
Asosiy faoliyatini virtual olamda olib boruvchi bunday firibgarlar turli xil tuzoqlarni o‘ylab topmoqda. Masalan, shunday usullardan biri soxta saytlar ochish orqali mahsulot sotish bahonasida odamlarning plastik karta raqamini qo‘lga kiritib, pulini o‘zlashtirib ketishdir.
Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tashabbusi bilan Qarshi shahridagi Jurnalistlar uyida OAV vakillari ishtirokida kiberxavfsizlik masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
[gallery-18094]
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining mas’ul xodimi hamda OAV vakillari, korxona tashkilotlarning rahbarlari hamda axborot xizmatlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Anjuman davomida Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi - “Cyber-month” doirasida kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari to‘g‘risida OAV vakillariga ma’lumot berildi.
Ta’kidlash lozimki, hozirgi rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari asrida, hayotimizning barcha jabhalarida kompyuter va raqamlashtirilgan turli xil texnikalarni ko‘rishimiz mumkin. Ushbu soha rivojlanib borgani sari, bundan g‘araz maqsadda foydalanuvchilar ham ortib boradi. Bugungi kunda, barcha hududlarda sodir etilayotgan jami jinoyatlar orasida internet va kompyuter texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlar nisbati keskin oshib bormoqda.
Qashqadaryo viloyatida kiberjinoyatlarni oldini olish hamda aholini kiber olamdagi tahdidlardan immunitetini oshirish maqsadida 2024 yilning 1-30 iyul kunlari Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi, viloyatdagi manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish belgilangan.
Tadbirlar davomida innovatsion targ‘ibot usullaridan foydalangan holda viloyatdagi barcha ishchi-xizmatchilar, yoshlar bilan hamkorlikda 3 milliondan ortiq aholini qamrab olish rejalashtirilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbiri