Firib tuzog‘i aybdorlarning o‘zini chohga qulatdi
Firibgar va tovlamachilar shunday manfur kimsalarki, birovning mulki yoki mablag‘iga ega chiqish yo‘lida hech narsadan tap tortmaydi. Jabrlanuvchilarni chuv tushirish uchun ming bir xil “ssenariy”larni o‘ylab topadi. Qilmishining mohiyatini anglab yetsa-da, vaqti-soati kelib tortilishi muqarrar bo‘lgan qonuniy jazo ham ko‘ziga ko‘rinmaydi. Sudning qora kursisiga o‘tirganda esa...
Mirzaobod tumanida tug‘ilgan Jahongir Norqulov ham bundan 5-6 yil muqaddam Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi Shuhrat Mirzayev, Murodjon Zuhridinov, Ulug‘bek G‘ulomov, zominlik Davron Jo‘rayev va Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi Mubiniddin Boboxonov bilan birga uyushgan guruh tuzadi. So‘ng mazkur guruh a’zolari jiddiy muammosi bor fuqarolarni topib, ularga Jahongirni davlat rahbarining qarindoshlariga yaqin inson sifatida ko‘rsatgan holda barcha masalalarini hal qilib berishi uchun unga ro‘baro‘ qilishga kelishib olishadi.
Gap shundaki, J.Norqulov ilgari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib yurgan paytida andijonlik Muhammadjon Jo‘raboyev bilan tanishib qolgandi. O‘shanda M.Jo‘raboyev viloyatdagi yo‘l qurilishi soxasi tashkilotlarini zarur xom ashyo bilan ta’minlab kelardi. Binobarin, Jahongir uyushgan guruh tashkil qilgach, Sh.Mirzayev va M.Zuhridinovlar orqali dastlab Muhammadjonni nishonga oladi. Ya’ni uni Asaka tumanidagi “Ko‘priklardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi rahbari lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishini aytib, 25.000 AQSH dollari talab qiladi. Biroq M.Jo‘raboyev xadeganda buncha pulni bera olmaydi. Shuning uchun Murodjon Zuhridinov, Ulug‘bek G‘ulomov va yana Bobur ismli yigit Muhammadjonni Xonobod shahridagi dala hovliga – Jahongir va Shuhratning huzuriga olib kelishadi.
-Sizning ishingiz bo‘yicha viloyat hokimi bilan gaplashdim. Mana, ishonmasangiz eshitib ko‘rishingiz mumkin,-deb J.Norqulov uyali telefoniga yozib olingan, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan o‘rtasidagi suhbatni qo‘yib eshittiradi.
Telefondagi suhbatda Jahongir o‘zining Zomin tumanidan, ya’ni davlat rahbarining qarindoshlariga yaqin inson ekanligiga ishora qilib, viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i To‘lqinjon Qorayevga o‘zini qabul qilishi haqida ko‘rsatma berishini so‘ragani yozib olingandi. T.Qorayev bilan esa u go‘yoki M.Jo‘rayevni yangi lavozimga tayinlash masalasida gaplashganini bildiradi. Shunga qaramay, Muhammadjon pulni ish bitganidan keyin berishini aytadi. Uning osonlikcha bo‘yin egmaganidan achchiqlangan J.Norqulov va hamtovoqlari ochiqchasiga tovlamachilik yo‘liga o‘tishadi.
-Agar so‘ragan pulimizning o‘n ming dollarini oldindan bermasangiz, o‘zingizga ham, oila a’zolaringizga ham yaxshi bo‘lmaydi. Oilangiz bilan birga hayotingizni xavf ostiga qo‘ymang,-deya tahdid qilishadi ular.
Albatta, Muhammadjon o‘zidan ko‘ra ham ayoli va bola-chaqasining xavfsizligini o‘ylab, qo‘rqib ketadi. Shu bois noilojlikdan “Kaptiva” rusumli avtomashinasini 10.000 AQSH dollariga sotib, pulini Shuhrat Mirzayevga beradi. Shuhrat esa pulni Jahongirga topshiradi. J.Norqulov bo‘lsa buning evaziga kayfu safo qiladi, o‘z ehtiyojlarini qondiradi.
Oradan bir yil o‘tgach – 2022-yil dekabr oyida Jahongir, Shuhrat va Davron tadbirkor D.Dadaboyevni chuv tushirishadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu tadbirkor yigit xorijdan respublikamizga poyezd va vagonlar uchun ehtiyot qismlari olib kelish bilan shug‘ullanardi. Suhbat avvalida J.Norqulov unga ham o‘zini Prezident oilasiga yaqin shaxs sifatida ko‘rsatadi. So‘ngra “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mansabdorlari orqali 280 milliard so‘mlik ehtiyot qismlarni xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolatib berishini aytadi.
-Faqat buning o‘ziga yarasha xarajati bor,-deydi u.
Jahongir shunday deya besh-olti qismga bo‘lib D.Dadaboyevdan jami 119.500 AQSH dollarini oladi. Biroq bergan va’dasini bajarmay, gumashtalari bilan birga pullarni jig‘ildonga urishadi. Qolaversa, ular D.Dadaboyevga Davron Jo‘rayevning 2020-yilda ishlab chiqarilgan “Toyota Land Cruiser 200” rusumli avtomashinasini 75.000 AQSH dollariga sotishlarini aytib, buning uchun undan 45.000 AQSH dollarini olishadi. Lekin mashinani bermay lafzsizlik qilishadi. Boz ustiga olgan pullarini ham qaytarishmaydi.
Buni qarangki, firibgarlar Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lgan ishbilarmon V.Aliyevni ham avrashadi. Aniqrog‘i, J.Norqulov unga ham o‘zining Zomin tumanidan ekanligini aytib aldaydi. Keyin esa V.Aliyevga ko‘p qavatli uylarni qurish uchun Yangi Toshkent massivi hududidan bo‘sh yer maydonini olib berishga va’da qiladi.
-Ammo ruxsatnoma olish va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yuz ming dollar sarflash kerak,-deb yolg‘on gapiradi.
Bunga ishongan V.Aliyev esa oldindan 40.000 AQSH dollarini unga sanab beradi.
Bundan tashqari, 2025-yilning fevral oyida Xorazm viloyatida yashovchi fermer O.Rahimboyev ham Jahongir, Mubiniddin va boshqa firibgarlarning tuzog‘iga ilinadi. Chunki J.Norqulov unga o‘zini avvalgi usulda tanishtirib, Gurlan tumanidagi “Rimboy farang” fermer xo‘jaligi yerlarini qaytarib olish yuzasidan kechayotgan nizoli sud ishini Oliy sudda ishlovchi mansabdor tanishlari orqali hal etib berishini aytib, avraydi. Bu ham yetmagandek, Xorazm viloyati hokimligi mansabdorlari bilan gaplashgan holda tumandagi “O‘rol qurol” fermer xo‘jaligini paxtachilikdan sholichilikka ixtisoslashtirib berishini og‘iz to‘ldirib va’da qiladi. Binobarin, ikkala masalaning yechimi uchun O.Rahimboyevdan jami 58.000 AQSH dollarini oladi. Fermerni ishontirish uchun bir-ikki marta Urganchga boradi. Hatto viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov bilan uchrashadi ham. Viloyat rahbari esa ayni masala qonun doirasida hal qilinishini aytadi. Ammo fermer xo‘jaliklariga taalluqli masalalar hal bo‘lmaydi. O.Rahimboyev bergan pullariga kuyib qolaveradi.
Gap shundaki, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi V.Aliyev aldanganini anglab yetgach, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qiladi. Birgina ana shu murojaat ketidan uyushgan guruhning barcha kirdikorlari fosh etilib, tilga olingan holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Sud J.Norqulov, Sh.Mirzayev, M.Zuhridinov, U.G‘ulomov, D.Jo‘rayev va M.Boboxonovlarni Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi. Shuningdek, sudlanuvchilardan jabrlanuvchilar yetkazilgan zararlarni undirish ham belgilandi.
Agar jinoyat ishi materiallariga nazar tashlansa, uyushgan guruhning barcha a’zolari muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxslar. Aksariyati aynan firibgarligi uchun qonuniy jazoga tortilib, ko‘zi ochilmagan kimsalar.
Albatta, har galgidek bu safar ham ular qilmishlaridan pushaymon bo‘lib, suddan yengillik berishni so‘rashdi. Biroq endi qilmishlaridan o‘zlariga to‘g‘ri xulosa chiqarib, tuzalish yo‘liga o‘tishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Ulug‘bek SHERALIEV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon
shahar sudining raisi