Toshkent davlat stomatologiya instituti Finlyandiyaning nufuzli JAMK universiteti bilan «Sog‘liqni saqlashda menejment» magistratura qo‘shma ta’lim dasturini tashkil etdi.
Shu munosabat bilan tibbiyot sohasida boshqaruv kadrlarni tayyorlashda Finlyandiyaning ilg‘or tajribasini amaliyotga tatbiq etish, magistrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan uzviy bog‘lash, rahbar kadrlar tayyorlash samaradorligini jahon talablari asosida baholash kabi mavzularda JAMK amaliy fanlar universiteti ekspertlari ishtirokida «Sog‘liqni saqlashda menejment» magistratura mutaxassisligi taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda mazkur dasturning mahalliy kadrlar tayyorlashdagi o‘ziga xos o‘rni, o‘quv dasturi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga mos ravishda tuzilganligi, ta’lim jarayoni Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida tashkil etilishi, amaliyot jarayoni Finlyandiyaning yetakchi davolash – profilaktika muassasalarida o‘tkazilishi ta’kidlandi. Shuningdek, mavzuga doir batafsil ma’lumot berildi.
– Magistratura dasturini muvaffaqiyatli bitirib, dissertatsiya himoya qilgan bitiruvchilar Toshkent davlat stomatologiya instituti va JAMK universiteti diplomiga ega bo‘ladi, – deydi institut xalqaro ishlar bo‘yicha prorektori Bekzod Yarmuhamedov. – Kelajakka yo‘naltirilgan, zamonaviy talablarga javob beradigan yangi ta’lim tizimining yaratilishi davlat innovatsion rivojlanishining muhim shartlaridan biri bo‘lib, jamiyatning dinamik iqtisodiy o‘sishi va ijtimoiy rivojlanishining asosi va fuqarolar farovonligining muhim omili bo‘lib hisoblanadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA